Talabalar yangi o‘quv yilida yangi turar joylarga ega bo‘ldi
FOTOREPORTAJ
Ma’lumki, yangi o‘quv yili boshida oliy ta’lim muassasalarining uydan olisda tahsil olayotgan talabalarini turar joy bilan ta’minlash masalasi ustuvor e’tiborda bo‘ladi. Bu masala Farg‘ona viloyatida ham ijobiy hal etilmoqda.
Farg‘ona davlat universiteti talabalarini turar joy bilan qamrab olish darajasi bundan uch yil avval 10 foizni tashkil qilar, atigi 2051 o‘rin mavjud edi. Joriy yilda bu ko‘rsatkich 3657 ta, ya’ni, 30 foizni tashkil qilmoqda.
Avvalo qayd etish kerak, oliy ta’lim muassasasi talabalarining turar joyga ehtiyoji yuqori. Bosqichma-bosqich qamrovni oshirib borish maqsadida “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan. Unga muvofiq, 2022-2025 yillarda 2800 o‘rinli yotoqxonalar qurish rejalashtirilgan. Dastlabki qadam sifatida shu yilning o‘zida 3 ta bino qad rostladi. Bu bilan tasarrufdagi talabalar turar joylari soni nafaqat oshdi, balki zamonaviy qiyofa oldi. Buni yaqinda universitet o‘yingohi hududidagi bo‘sh maydonda qurib bitkazilgan 840 o‘rinli 2 ta 7 qavatli yotoqxona misolida ham ko‘rish mumkin.
[gallery-13476]
Muhtasham va ko‘rkam binolar “Marg‘ilon binokor ta’mir-qurilish” MCHJ tomonidan davlat-xususiy sherikchilik shartlari asosida bunyod etildi.
– Qurilish ishlari o‘tgan yilning oktyabr oyida boshlangan edi, - deydi MCHJ rahbari Muhsinjon Isaqov. – Qurilish loyihasining umumiy qiymati 59 milliard so‘mni tashkil etdi. Buning uchun byudjet mablag‘lari hisobidan 24,1 milliard so‘m subsidiya ajratilib, 34,9 milliard so‘m o‘z hisobimizdan qoplandi.
Talabalar turar joyini elektr energiyasi bilan ta’minlash quyosh panellari orqali amalga oshiriladi. Har bir xona 4 nafar talabaga mo‘ljallangan bo‘lib, zamonaviy yumshoq va qattiq mebellar, yotoq ko‘rpa-jildlari bilan jihozlangan. Maskanda umumiy oshxona, alohida ovqatlanish joyi, sovuq va issiq suv, yuvinish xonalari, dush mavjud. Ma’naviyat xonasida dam olish, kitob, gazeta-jurnallarni mutolaa qilish mumkin.
Talabalar turar joyining birinchi qavatida 5000 dan ziyod kitob fondiga ega axborot-resurs markazi, “Zakovat”, kovorking, sport-sog‘lomlashtirish zallari, tarixiy muzey, talabalar teatr studiyasi, kir yuvish va quritish xonalari faoliyat yuritadi.
Kovorking markazida talabalar nazariy bilimini bevosita amaliyot bilan mustahkamlashi mumkin. Malakali mutaxassislar yordamida innovatsion g‘oyalarini ro‘yobga chiqarish, startap loyihalarni ishlab chiqish, bu bilan qo‘shimcha daromad topish, seminar-treninglar o‘tkazish imkoniyatlari yaratilgan.
Yana bir talabalar turar joyi Ahmad al-Farg‘oniy ko‘chasida joylashgan 4-yotoqxona hududidagi bo‘sh maydonda bunyod etildi. Qurilish va jihozlar ishlariga 14 milliard 55 million so‘m sarflandi.
Turar joy 360 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, bu yerdagi sharoitlar ham bugungi zamon talablariga to‘liq javob beradi.
Muqimjon QODIROV(surat),O‘zA