Talabalar uchun ham amaliyot, ham imkoniyat
Avval xabar berganimizdek, Prezidentimizning 2020 yil 10 noyabrdagi “Aholining sog‘lom ovqatlanishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Qashqadaryoda keng qamrovli tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Ayni paytda bu borada Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida tashkil etilgan maxsus shtab vakillari mazkur qaror ijrosi doirasidagi tibbiy xatlov antopometriya tadbirlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish borasida voha tibbiyot xodimlariga amaliy yordamga kelgan. Shuningdek, mamlakatimizdagi tibbiyot yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlarida bakalavriatning yuqori bosqichlari, magistratura, shuningdek, klinik ordinatura (rezidentura)ning 763 nafar qashqadaryolik talabasi, ularning 75 nafar murabbiysi ham mazkur xatlovga yaqindan ko‘mak bermoqda.
Talabalar o‘z uyida yashab, o‘zlariga yaqin hududlardagi poliklinikalar tibbiy brigadalariga biriktirilgan holda o‘z murabbiylari nazorati ostida tibbiy xatlov tadbirlarida ishtirok etmoqda. Shu jumladan, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti talabalari ham Qashqadaryo viloyatiga amaliy yordam uchun yuborilgan. Qayd etish joizki, bu ular uchun o‘ziga xos amaliyot hisoblanadi.
– Talabalar, magistrlar va klinik ordinatorlarga ortiqcha tashvish tug‘dirmaslik uchun ular imkon qadar o‘z uylariga yaqin hududlarga biriktirildi, – deydi Toshkent pediatriya tibbiyot instituti rektori, tibbiyot fanlari doktori, professor Botir Daminov. – Ular bevosita institutdan biriktirilgan murabbiylari va tibbiy brigadadagi oilaviy shifokorlar nazorati ostida xonadonma-xonadon yurib, antropometriya tadbirlariga ko‘maklashmoqda, sog‘lom turmush tarziga doir targ‘ibot suhbatlarini tashkil etmoqda. Shu orqali institutda olgan bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlamoqda. Bu jarayonning yana bir jihatiga e’tibor qaratishni istardim. Odatda qashqadaryolik talabalar tahsildan so‘ng poytaxtdagi yoki viloyat markazidagi markaziy shifoxonalarda qolib ishlashga harakat qilishadi. Bu esa chekka hududlarda kadrlar taqchilligini keltirib chiqaradi.
Prezidentimizning birlamchi bo‘g‘inga qaratayotgan alohida e’tibori, xususan, oilaviy shifokor nufuzining oshirilayotganligi bu muammoning yechimida muhim ahamiyat kasb etadi. Mana shu tibbiy xatlovdagi amaliyot jarayonida ham mutasaddilar bo‘lg‘usi shifokorlarga buning mohiyatini tushuntirib, ularni o‘z hududlariga jalb etishga kuyunchaklik bilan yondashishlari zarur.
– Qarshi shahridagi 6-oilaviy poliklinikada tibbiy xatlov tadbirlarida qatnashayapmiz,– deydi Toshkent davlat pediatriya tibbiyot instituti 5-bosqich talabasi Dilfuza To‘xtayeva. – Kecha Kunchiqar mahallasidagi xonadonlarda antropometriyada tibbiy brigadaga yordam berdik. Ayni paytda poliklinikaning maxsus shtabida olgan ma’lumotlarimizni elektron bazaga kiritayapmiz. O‘zim Qarshi shahridanman. O‘z shahrimda amaliyot o‘tayotganimdan, qolaversa, shunday mas’uliyatli tadbir samaradorligiga hissam qo‘shilayotganidan mamnunman.
O‘zA