Talabalar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda
Yurtimizdagi barcha oliy ta’lim muassasalarida yangi 2024-2025 o‘quv yili yuqori kayfiyatda boshlandi. Boisi ta’lim sohasiga qaratilayotgan e’tibor, oliygohlarda talabalarning sifatli ta’lim olishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar bunga zamin yaratmoqda.
Ta’lim sohasini raqamlashtirish natijasida yoshlar endilikda ortiqcha qiyinchiliksiz o‘qishga hujjat topshirishi, talaba bo‘lganidan so‘ng turar joylarga onlayn ariza topshirish imkoniyatlari yaratildi.

Qashqadaryo viloyatidagi Shahrisabz davlat pedagogika institutida ham talabalarning sifatli ta’lim olishi uchun alohida tayyorgarlik ko‘rildi.
Institutdagi barcha o‘quv va laboratoriya xonalari, talabalar turar joylari, sport zal hamda ma’naviyat xonalari shay holatga keltirildi.
Talabalarning turar joy izlab sarson bo‘lmasligi uchun institutda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 269-son buyrug‘i ijrosi yuzasidan “Talabaga madad” shiori ostida “Talabalar turar joylari va ijara xonadonlari bo‘yicha ma’lumotlar markazi” tashkil etildi. Ushbu markaz orqali talabalarni ijara xonadonlariga joylashtirish bo‘yicha ham tizimli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, institut yaqinida joylashgan 173 ta ijara uylari haqida ma’lumotlar bazasi shakllantirilgan.

Ayni paytda institutda umumiy sig‘imi 850 nafar talabaga mo‘ljallangan 4 ta talabalar turar joyi faoliyat yuritmoqda. Jumladan, 164 o‘rinli 1-sonli, 144 o‘rinli 2-sonli, 145 o‘rinli 3-sonli hamda davlat-xususiy sheriklik asosida qurilgan 416 o‘rinli yotoqxonalar talabalarga xizmat ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, 500 o‘rinli yana bitta talabalar yotoqxonasi qurilishi davom etmoqda. Ushbu ob’ekt 2025 yilning may oyida foydalanishga topshirilishi mo‘ljallangan.

Talabalar turar joylarida yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ishlari olib borilib, hozirda talabalar yashash xonalari, oshxona, kir yuvish xonalari, yuvinish xonalari, hojatxonalar to‘liq shay holatga keltirildi. Har bir talabalar turar joylarida ma’naviyat, kompyuter, tikuvchilik va tibbiyot xonalari talabalar ixtiyorida. Turar joylarda 700 ta o‘rin qizlar uchun, 150 tasi o‘g‘il bolalar uchun hamda 110 ta imtiyozli yoshlar uchun ajratilgan.

Talabalar Institut yotoqxonalariga joylashish uchun Davlat xizmatlari markazi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali my.gov.uz platformasi orqali elektron ariza yubormoqda. Bugungi kunga qadar 700 ga yaqin ariza qabul qilingan va ko‘rib chiqish jarayonida.

– Yangi o‘quv yilida institutimizga jami 1 ming 462 nafardan ortiq talabaning qabuli rejalashtirilgan, – deydi institutning yoshlar bilan ishlash ma’naviyat-ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Azamat Berdiyev. – Uzoq tuman va viloyatlardan kelgan talabalarni turar joy bilan ta’minlash maqsadida Shahrisabz shahridagi ijara xonadonlarining sharoitlari o‘rganib chiqildi hamda ro‘yxat tuzilib “Talabalar turar joylari va ijara xonadonlari bo‘yicha ma’lumotlar markazi”ga taqdim etildi. Endilikda talabalar qiyinchiliksiz turar joy topish imkoniyatiga ega bo‘ldi va ular e’tiborini faqatgina ta’limga qaratadi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri