Talabalar turar joyida sumalak tayyorlandi
Jonajon O‘zbekistonimizga bayramlar, yaxshi kunlar yarashadi.
O‘zbek xalqi azaldan mehmondo‘stligi bilan dong taratgan.
Har yili yurtimizda yasharish va yangilanish fasli bo‘lmish bahorda bir qator bayramlar nishonlanadi. Ana shunday bayramlar sirasida urf-odat va qadriyatlarimizni o‘zida uyg‘un etadigan Navro‘z bayramini aytishimiz mumkin. Ushbu bayramning eng shohona taomi sifatida sumalak tayyorlanadi.

Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti rahbariyati tomonidan Talabalar turar joyida Navro‘z bayrami munosabati bilan sumalak tayyorlandi va xayriya oshi tarqatildi.
O‘zbek xalqi azal-azaldan o‘zining mehmondo‘stligi, yuksak fazilati va umuminsoniy qadriyatlarini o‘zida mujassam etib keladi. Navro‘z bayrami arafasida har yili sumalak tayyorlanishi an’anaga aylanib qolgan. Ushbu xayrli ish nuroniylarning duosi va ezgu niyatlari bilan boshlandi.

Institut rektori Ilhom Sobirov va boshqalar yurtimizda milliy an’ana va qadriyatlar bardavomligini saqlash masalalariga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Tadbirda ezgu niyatlar bildirilib, sumalak taomi tayyorlandi. Talabalar turar joyida istiqomat qiladigan o‘g‘il-qizlar uchun yana bir xayrli ish amalga oshirildi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Doshqozonda osh damlanib, talabalarga tarqatildi. Yoshlar tomonidan sahna ko‘rinishlari, bayram tabriklari, san’atkorlarning konsert dasturi bayramga yanada ko‘tarinkilik baxsh etdi.

O‘zA