Talabalar sport musobaqalarida bellashmoqda
Andijon davlat universitetida “Sportchi – yurt himoyachisi!” shiori ostidagi sport o‘yinlariga start berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan joriy yilning may oyi mamlakatimizdagi oliy va kasbiy ta’lim muassasalarida “Sport oyligi” deb e’lon qilindi. Oylik doirasida “Sportchi – yurt himoyachisi!” shiori ostida sportning o‘ndan ortiq turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazilishi belgilangan.
Universitetda oylik doirasidagi sport musobaqalari ochilishiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbir O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi sadolari bilan boshlandi.
Tadbirda so‘z olgan Andijon davlat universiteti rektori Baxtiyorjon Akbaraliyev talaba-yoshlarga sport oyligi doirasida o‘tkaziladigan musobaqalarda faol ishtirok etish, sog‘lom turmush tarziga rioya qilish hamda kundalik hayotda jismoniy faollik ko‘rsatish muhim ekanligini ta’kidlab, musobaqa ishtirokchilariga omad tiladi.
[gallery-23230]
“Sportchi – yurt himoyachisi!” shiori ostidagi sport o‘yinlari doirasida universitet talabalari sportning badminton, basketbol, boks, dzyudo, gimnastika, gandbol, stol tennisi, stritbol, futbol, voleybol, yengil atletika hamda shaxmat-shashka turlari bo‘yicha o‘zaro bellashadi.
– Jismoniy faollik har bir inson, ayniqsa, talaba uchun juda muhimdir, – deydi shaxmat musobaqasi ishtirokchisi, Ijtimoiy-iqtisodiyot fakulteti talabasi Mubinaxon Qalandarova. – Shu bois o‘tkaziladigan ushbu musobaqalar biz talabalarni jismoniy faollikka o‘rgatib, asosiysi, salomatligimizni mustahkamlashga yordam beradi.
Tadbir davomida taniqli san’atkorlar tomonidan ijro etilgan kuy, qo‘shiq va raqslar ishtirokchilarga xush va ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Marosimdan so‘ng sportning shaxmat, shashka, stol tennisi turlari bo‘yicha musobaqalar bo‘lib o‘tdi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari