Talabalar qonunchilik sohasidagi yangiliklar bilan tanishdi
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabalari va professor-o‘qituvchilari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Xususan, quyi palataning Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar hamda Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitalari a’zolari bilan suhbatlashdi.
Muloqotda tadbir ishtirokchilari Qonunchilik palatasining ayni vaqtdagi tarkibiy tuzilishi, qo‘mita, komissiyalari, ishchi organlari haqida yetarli axborot oldilar, qonun ijodkorligi va nazorat-tahlil tadbirlari yo‘nalishidagi faoliyatidan boxabar bo‘ldilar.
Yoshlarga so‘nggi yillarda mamlakatimizda qonunchilik sohasida olib borilayotgan islohotlar, “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyili asosida qabul qilingan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida batafsil ma’lumot taqdim etildi. Shuningdek, qonun va qonunosti hujjatlari ishlab chiqilishi jarayoni, loyihalarni Qonunchilik palatasiga kiritish vakolatiga ega bo‘lgan sub’ektlar, kelib tushgan hujjatlarning ishchi organlarida ko‘rib chiqilishi va muhokamadan o‘tkazilishi borasidagi tartib-taomil haqidagi tushuncha berildi.
Shu bilan birga tadbir ishtirokchilariga yurtimizda qizg‘in kechayotgan konstitutsiyaviy islohot to‘g‘risida ham ma’lumot berildi. Xususan, joriy yil 20 may kuni Oliy Majlis palatalari Kengashlari qo‘shma qarori bilan Konstitutsiyaviy komissiya tuzilib, faoliyat boshlagani aytib o‘tildi. Mazkur Konstitutsiyaviy komissiya keng jamoatchilik, fuqarolar fikr-mulohazasi, takliflarini umumlashtirishadi, jahon tajribasini o‘rganib, shu asosda tegishli qonun loyihasini ishlab chiqadi.
Konstitutsiyaga o‘zgarish kiritish bo‘yicha joriy yil 24 may kunidan boshlab “taklif@meningkonstitutsiyam.uz” yoki “taklif@2022.uz” elektron pochtalari orqali takliflar qabul qilina boshladi. 26 maydan esa “www.meningkonstitutsiyam.uz” onlayn platformasi, telegram maxsus boti, 1341 qisqa raqamli “call-markaz” ishga tushirilgan, ijtimoiy tarmoqda bir necha kanal tashkil qilingan. Bundan tashqari fuqarolar takliflarini o‘z hududidagi mahallaga yoki Xalq deputatlari mahalliy Kengashiga og‘zaki yoxud yozma shaklda bildirishi uchun sharoit yaratilgan.
Talaba-yoshlar ushbu muhim siyosiy-huquqiy jarayonda faol ishtirok etishini ma’lum qildi, parlament faoliyati to‘g‘risidagi savollariga javob oldi, fikr-mulohazalari, takliflarini bildirdi.
O‘z navbatida deputatlar ham mamlakatimizdagi ilmiy soha vakillari, xususan, talabalar, professor-o‘qituvchilarning parlament bilan uzviy hamkorligini yanada mustahkamlash muhimligini qayd etdi. Yurtimizda kechayotgan qonunchilik sohasidagi qizg‘in muhokama jarayonida oliy ta’lim muassasalarining malakali mutaxassislari, ekspertlari faol ishtirok etishi lozimligi yakdil ma’qullandi.
Go‘zal SATTOROVA, O‘zA muxbiri