Talaba yoshlarga ssuda ajratish tartibi joriy etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Work and travel” xalqaro dasturlarida ishtirok etuvchi talaba yoshlarning ishlash va sayohat qilish maqsadida xorijiy davlatlarga borishi va kelishi bilan bog‘liq xarajatlar uchun ssuda ajratish tartibini joriy etish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, 2025 yil 15 maydan boshlab “Work and travel” xalqaro dasturlari doirasida xorijiy davlatlarda (Yevropa Ittifoqi davlatlari, Janubiy Koreya, Yaponiya, Buyuk Britaniya, AQSH, Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiya) ishlash va sayohat qilish uchun ushbu davlatlarga borish va kelish hamda boshqa xarajatlarni qoplash maqsadida talaba yoshlarga ssuda ajratish tartibi joriy etiladi.
Bunda:
Yoshlar ishlari agentligining Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan xar yili 2 000 nafargacha talaba yoshlarga bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravari miqdorida ssuda ajratiladi;
ssuda ajratish haqidagi arizalar davlat xizmatlari markazi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilinadi;
talaba yoshlar ajratilgan ssudani ishlash va sayohat qilish huquqini tasdiqlovchi vizada qayd etilgan xorijiy davlatda bo‘lishning so‘nggi sanasidan boshlab bir oy muddatda Yoshlar ishlari agentligiga to‘liq qaytarish majburiyatini oladi.
Qaror muvofiq, “Work and travel” xalqaro dasturlarida ishtirok etuvchi talaba yoshlarning ishlash va sayohat qilish maqsadida xorijiy davlatlarga borishi va kelishi bilan bog‘liq xarajatlar uchun ssuda ajratish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.
Ushbu Reglament O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligining Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan “Work and travel” xalqaro dasturlarida ishtirok etuvchi talaba yoshlarning ishlash va sayohat qilish maqsadida xorijiy davlatlarga borishi va kelishi bilan bog‘liq xarajatlar uchun foizsiz ssuda ajratish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish tartibini belgilaydi.
2025 yil 15 mayga qadar:
ssuda ajratish buyicha davlat xizmatlari YAIDXP orkali ko‘rsatilishi ta’minlanadi;
YAIDXPda ssuda ajratish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatilishining har bir bosqichida murojaatlar ko‘rib chiqilishini kuzatib borish tartibi joriy etiladi.
“Yoshlar xizmatlari reyestri” axborot tizimida ssuda ajratish haqida ariza beruvchilarning elektron reyestrini yuritish moduli yaratiladi hamda ushbu davlat xizmati YAIDXP bilan o‘zaro integratsiya qilinadi.
O‘zA