Taksi xizmatidan norozi yo‘lovchi qayerga murojaat qiladi?
Taksi chaqirdik, belgilangan joyda kutdik, ammo mashina kelmadi. Haydovchi bilan bog‘lanishning iloji yo‘q, operator esa muammoni hal qilishga shoshilmaydi. Bunday vaziyatga duch kelgan yo‘lovchi nima qilishi kerak?
Aslida, bu shunchaki bir yo‘lovchining noroziligi emas. So‘nggi vaqtlarda taksi xizmatlari bo‘yicha shunday e’tirozlar ko‘payib bormoqda.
Bu holat Raqobat qo‘mitasiga kelib tushayotgan murojaatlar va ijtimoiy tarmoqlardagi shikoyatlarda ham aks etmoqda. Xususan, “WB TAXI” MCHJ faoliyati bilan bog‘liq 2026-yil yanvar-avgust oylarida 20 ga yaqin murojaat kelib tushgan. Ularda taksi buyurtma qilingan joyga haydovchi kelmagani, haydovchi bilan qayta bog‘lanish imkoni bo‘lmagani va bunday holatlarda operator tomonidan yetarli chora ko‘rilmagani haqida e’tirozlar bildirilgan.
Raqobat qo‘mitasi o‘rganishlari davomida xizmat ko‘rsatuvchi korxona faoliyatida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, elektron tijorat va raqamli platformalar faoliyatiga oid qonunchilik talablariga rioya etilishi bo‘yicha ayrim kamchiliklarga e’tibor qaratdi.
Shu munosabat bilan qo‘mita tomonidan “WB TAXI” MCHJga so‘rov yuborildi. Unda qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash, yo‘lovchilarning xizmat ko‘rsatuvchi bilan qayta aloqa o‘rnatishi va zarur ma’lumotlarni olishi uchun imkoniyat yaratish choralarini ko‘rish so‘raldi.
Chunki yo‘lovchi uchun taksi o‘z vaqtida kelishi qanchalik muhim bo‘lsa, xizmatda muammo yuzaga kelganda kimga murojaat qilish va javob olish imkoniyati ham shunchalik muhim.
Nigora Rahmonova, O‘zA