Takroriy ekin – aholi daromadi(+video)
Farg‘onada bu yil g‘alla mo‘l bo‘ldi. Viloyat bo‘yicha o‘rtacha hosildorlik 80 sentnerdan oshdi, deyishmoqda mutaxassislar.
Dehqonchilikda o‘z maktabiga ega Toshloq tumani birinchilardan bo‘lib shartnoma rejalarini bajardi. Bu yil ham Toshloqda yuz sentnerchilar safi kengaydi.
–O‘tgan yili tumanimizda o‘rtacha 80 sentnerdan hosil olgan edik. Bu yil o‘rtacha hosildorlik 90 sentnerni tashkil qilib yil yakuni bo‘yicha 45 ming tonna g‘alla olinishi kutilyapti, – deydi Toshloq tumani hokimi o‘rinbosari Azimjon Boborahimov.– “Boymat Shermatov”, “Habibaxon Ilyos sahovat” fermer xo‘jaliklari gektaridan 103-106 sentnerdan hosil oldilar. Umuman tumanimizdan o‘rtacha hosil olganlar soni 50 tadan oshdi.

Yerdan unumli foydalanish, ikki hatto uch martadan hosil olish toshloqliklarga xos tajriba. Ular g‘allasi o‘rilgan maydonlarga peshma-pesh texnik vositalarni kiritib takroriy ekin ekishyapti. Takroriy ekin ekiladigan maydon dastlab sug‘orilib so‘ng xaydalmoqda. Buning yana bir sababi Farg‘ona viloyatida bo‘lgani kabi Toshloq tumanida ham har bir qarich yer hisob-kitobda va dehqon albatta undan yuqori hosil olishni ko‘zlab mehnat qiladi. Agar bu yil Toshloq tumanida 5500 gektar maydonga g‘alla ekilgan bo‘lsa, 5100 gektar maydoniga takroriy ekin ekilmoqda.

“Aminjonbuva” fermer xo‘jaligi yerni xaydab, tekislab endi yana bir tezpishar ammo serdaromad ekin urug‘ini sochishyapti.
–Bu yil g‘alladan 80 sentnerdan hosil oldik, –deydi fermer xo‘jaligi rahbari Jumaboy Abdusalomov. –Takroriy ekin uchun eksportga mos dukkakli ekinlardan mosh ekyapmiz. Mosh eksportyorlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar qildik. Urug‘ni o‘zlari yetkazib berdi.

Aslida mosh nafaqat oziq-ovqat omborini to‘latadi, balki u dehqonchilikda muhim agrotexnik jarayon sifatida ahamiyatga ham ega. Buni fermer shunday izohlaydi:
–Mosh birinchidan kam suv bo‘lib ikki marta suv ichsa pishadi. Bundan tashqari o‘g‘it tuproq tarkibini azot fosfor bilan boyitadi. Ya’ni turpoq strukturasi o‘zgarib kelgusi yil paxta hosildorligini oshirishga xizmat qiladi. Moshning daromadi ham yaxshi. Bir gektaridan kamida 20-25 million so‘m olishni mo‘ljallayapmiz.

Tumandagi “Habibullo Ziyo” fermer xo‘jaligining g‘alladan bo‘shagan yerlari Qushariq mahallasining tajribali dehqonlari va yoshlarga bo‘lib berildi. Mo‘minjon Ismoilov oila a’zolari, qo‘ni-qo‘shnilari bilan olgan yeriga “Xoller” navli yupqapo‘choq tarvuz ekdilar. Ammo paykallarni ko‘rib hayron qoldik. Chunki tarvuz ko‘chatlari plenka ostida parvarishlanar edi. Odatda plenka ostiga urug‘ erta bahorda tashlanar, shundan ko‘chat barvaqt va mustahkam unib chiqardi. Bu yerda esa yozning chillasida ham plenka qo‘llangan.
–Plenka birinchi navbatda namlik saqlaydi, tuproq yumshoqligi ta’minlanadi va nihoyat begana o‘t chiqishiga yo‘l qo‘ymaydi. Shunday qilib plenka ostiga ekilganida suvni tejashga erishamiz, – deydi Mo‘minjon Ismoilov.

Mo‘minjon akani mohir sohibkor deya ta’rifladilar. Darhaqiqat, takroriy ekin avgust oxiri – sentyabr boshida pishar ekan. Xayrlashayotganimizda Mo‘minjon aka yana bir gapim bor edi, deb qoldilar:
–Prezidentimiz topshirig‘i bilan g‘alladan bo‘shagan maydonlarni takroriy ekin ekish uchun berishmoqda. Masalan biz tarvuz ekdik. Takroriy ekindan olayotgan daromad tufayli to‘ylar qilyapmiz, uy qurdik, mashina oldik.
Ha, darhaqiqat takroriy ekin aholi daromadi, degani. Shuning uchun ham Toshloq tumanida bu masalaga ustivor vazifalardan biri deya ish tashkilladilar.
–Tuman bo‘yicha 5087 gektar takroriy ekin ekish rejalashtirilgan. Shundan 2700 gektariga sabzavot, 1000 gektariga esa dukkakli ekinlardan mosh ekilmoqda. Hozir rejadagi maydonlarning 70 foiziga takroriy ekin ekib bo‘lindi, – deydi hokim o‘rinbosari Azimjon Boborahimov.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/seHQzDJ5g3I?si=ykJCQ7-w4gfaOB_1" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video), O‘zA