Tajriba va bilim tibbiyotda muhim o‘ringa ega
“Himchan” klinikasi Buxoro filialining rahbari Lee Jae Seop G‘ijduvon tumanida zamonaviy ta’lim, ayniqsa, Koreya maktab ta’limi, Koreya tibbiyotining rivojlanayotgan tajribasi, u yerda tahsil olish, malaka oshirish, zamonaviy kasblar, arxitektura kabi tajribalarni O‘zbekistonga tatbiq etish masalalariga bag‘ishlangan tadbirda qatnashdi.
Mehmon mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimi rivoj topayotgani, yuqori texnologik tashxis va davolash muolajalarida mahalliy tibbiyot xodimlari, yosh mutaxassislar safi kengayayotgani, bunda Koreya tibbiyotidan ham munosib andoza olinayotganidan mamnunligini izhor etdi. Bundan keyin ham ikki davlat tibbiyoti ravnaqiga munosib hissa qo‘shish, hamkorlikni rivojlantirish, ilg‘or innovatsiyalarni tatbiq etish va aholiga yuqori darajadagi tibbiy xizmat ko‘rsatishga tayyorligini ta’kidladi.

“Himchan” shifoxonasi o‘zining dunyoda zamonaviy texnologiya va usullari bilan tanilgan. Ayni shu jihatlar inobatga olinib, 2019 yilda mazkur davolash muassasasining “Bukhara-Himchan” klinikasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. O‘shanda mazkur shifoxonani tashkil etishda koreyalik investorlarga keng imkoniyat yaratilgan, ularga bo‘shab qolgan zamonaviy bino bepul taklif qilingan. Ob’ektni davolash muassasasiga moslashtirish, ta’mirlash va zarur tibbiyot uskunalari bilan jihozlash maqsadlariga jami 7,1 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritilgan.

“Himchan” klinikasi dunyo bo‘ylab 11 ta filialga ega bo‘lib, shulardan 8 tasi Janubiy Koreyada, O‘rta Osiyodagi yagona bo‘lgan filial esa Buxoroda joylashgan. Tibbiyot muassasasida asosan, ortopediya, travmatologiya (tos-son suyagi bo‘g‘imi, tizza bo‘g‘imini endoprotezlash), neyroxirurgiya (umurtqa pog‘onasi churrasi, vertoblastika) kasalliklari jarrohlik yo‘li bilan davolanadi. Shuningdek, qo‘shimcha ravishda nevrologiya hamda kardiologiya va endokrinologiya yo‘nalishlari bo‘yicha ham bemorlar shifo topadi.

Shifoxona 90 o‘ringa mo‘ljallangan, unda 140 nafardan ziyod malakali vrachlar hamda o‘rta maxsus ma’lumotli tibbiyot xodimlari xizmat ko‘rsatadi. Muassasaga viloyatning qator davolash muassasalaridan saralangan ortoped-travmatolog, neyroxirurg, nevrolog, jarroh, terapevt, kardiolog, radiolog, endoskopist, anesteziolog kabi mutaxassislarning katta qismi Janubiy Koreyada malaka oshirgan.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri