Taekvondochilarimiz jahon shohsupasida
Joriy yilning 12-18-may kunlari Rossiyaning Chelyabinsk shahrida taekvondo (WTF) bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionatida sportchilarimiz Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib, 1 oltin va 2 kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Joriy yilning 12-18-may kunlari Rossiyaning Chelyabinsk shahrida taekvondo (WTF) bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionatida sportchilarimiz Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib, 1 oltin va 2 kumush medalni qo‘lga kiritdi.Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolarini davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ota-onalar, sport muxlislari kutib oldi.
Taekvondo – Olimpiya o‘yinlari dasturidan joy olgan sport turlaridan. 2000-yildan beri Olimpiada o‘yinlarida taekvondo musobaqalari o‘tkazib kelinmoqda. 1973-yilda tuzilgan Jahon taekvondo federatsiyasi ikki yuzdan ziyod milliy federatsiyani birlashtirgan. O‘zbekiston taekvondo (WTF) assotsiatsiyasi 1993-yilda mazkur tashkilotga a’zolikka qabul qilingan.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sportni rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik samarasida taekvondo ham jadal rivojlanmoqda. Mamlakatimizda yigirma mingga yaqin o‘g‘il-qiz taekvondo (WTF) bilan muntazam shug‘ullanmoqda. Olimpiya zaxiralari kollejlari, ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktablari va sport seksiyalarida taekvondo (WTF) bo‘yicha mamlakatimiz olimpiya zaxiralari bo‘lgan mahoratli sportchilar tarbiyalanmoqda.
Jasur Boyqo‘ziyev, Nikita va Maksim Rafalovichlar, Dmitriy Shokin, Sarvar Sheraliyev, Abubakr Rasulov, Nigora Tursunqulova kabi sportchilar xalqaro turnirlarda O‘zbekiston shon-shuhratini munosib himoya qilmoqda. Mamlakatimiz taekvondo (WTF) terma jamoasi dunyodagi eng kuchli terma jamoalardan biri sifatida e’tirof etilmoqda. O‘zbekiston taekvondochilari uchun joriy yilgi sport mavsumi ham g‘alabalarga boy bo‘lmoqda.
Nufuzli musobaqada 140 dan ziyod davlatdan eng kuchli taekvondochilar sovrinli o‘rinlar va Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma beruvchi muhim reyting ochkolari uchun bahslashdi.
Vazni 87 kilogrammdan og‘ir bo‘lgan taekvondochilar o‘rtasida Dmitriy Shokin yamaykalik Jeyson Grantni 31:1, italiyalik Leonardo Basileni 8:2, germaniyalik Volker Vodzixni 11:2, kubalik Robelis Despeynni 7:6, Kot-d'Ivuar vakili Firmin Zokouni 11:10 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, jahon chempionligini qo‘lga kiritdi.
– Har bir sportchi o‘z g‘alabasi bilan Vatanini sharaflashni orzu qiladi, – deydi Dmitriy. – Mamlakatimizda biz, sportchilarning o‘z qobiliyatimiz va salohiyatimizni namoyon etishimiz uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Bundan foydalangan holda kelgusi nufuzli musobaqalarda ham xalqimiz va Prezidentimiz ishonchini oqlashni maqsad qilganmiz.
Yana bir tajribali sportchimiz Jasur Boyqo‘ziyev vazni 87 kilogrammgacha bo‘lgan taekvondo ustalari o‘rtasida, Nikita Rafalovich 74 kilogrammgacha bo‘lgan taekvondochilar bahslarida kumush medalni qo‘lga kiritdi.
– Jahon chempionatida sovrindor bo‘lganimdan xursandman, – deydi Jasur Boyqo‘ziyev. – Endigi orzuim – 2016-yili Braziliyada o‘tkaziladigan Olimpiya o‘yinlarida munosib ishtirok etib, g‘olib bo‘lish. Buning uchun bor kuch-g‘ayratimni sarflayman. Zero, o‘z qadr-qimmatini anglagan inson uchun Vatani sharafi uchun maydonga chiqishdan ulkan baxt yo‘q.
O‘zbekiston taekvondochilarining jahon chempionatida erishgan yuksak natijalari mamlakatimizda sport sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, iste’dod egalarini mahoratli sportchilar etib tarbiyalash tizimi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganidan dalolatdir.