Taekvondochilar Koreyada sovrindor bo‘ldi
Mamlakatimizda sportning sharqona yakkakurash, ayniqsa, uning Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan turlarini rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor natijasida iqtidorli yoshlarimiz xalqaro arenalarda salmoqli yutuqlarga erishmoqda.
Yaqinda Koreya Respublikasining Chuncheon shahrida bo‘lib o‘tgan taekvondo “WT” bo‘yicha “Chuncheon Korea open” xalqaro turnirida Vatanimiz sharafini himoya qilgan namanganlik yosh mahoratli sportchilar yuqori natijalarga erishdi.
Nufuzli musobaqaning o‘smirlar ishtirokidagi bellashuvlarida qatnashgan Gulyora Orifjonova (52 kilogramm vaznda), Esmira Murrdova (59 kg.), Mardona Xusnidinova (46 kg.) va Asadbek Aminov (78 kg.) hamda kadetlar orasida bahslarga kirishgan Bekzod Yo‘ldoshov (37 kg.) yarim finalgacha bo‘lgan janglarni g‘alaba bilan yakunlab, uchinchi o‘rinni egallagan holda, bronza medallarini qo‘lga kiritdi.

Ushbu salmoqli muvaffaqiyatlar zamirida O‘zbekiston taekvondo “WT” assotsiatsiyasi Namangan viloyati bo‘limi rahbari Xolmurod Nozimov, mohir murabbiylar Ma’murjon Nozimov va Javohir Sirmatovning mehnatlarini e’tirof etish joiz.

Namanganlik sportchilarni yana bir muhim sinov, ya’ni shu yil 25-28-iyul kunlari Janubiy Koreyaning Seul shahri mezbonlik qiladigan “CUP G-1” xalqaro musobaqasi kutib turibdi. Ushbu musobaqada vakillarimizga omad yor bo‘lishini tilaymiz.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.