Tadqiqot: Lionel Messining nasli Braziliyaga borib taqaladi
Hozirda Messining Braziliyada yashovchi qarindoshlari yo‘q.
Argentina terma jamoasi sardori Lionel Messining naslida Braziliya ildizlari borligi aniqlandi. Bu haqda Globo nashri italiyalik tarixchi Fyorenso Santini olib borgan genealogik tadqiqotga tayanib xabar berdi.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, Messining ona tomondan katta bobolaridan biri — Federiko Kuchchittini 1904-yil 27-yanvarda Braziliyaning San-Paulu shtatidagi Ribeyran-Pretu shahrida tug‘ilgan. Uning ota-onasi — italiyalik Ranero Kuchchettini va Roza Rikkezza 1899-yilda Washington kemasida Braziliyaga kelib, San-Paulu shtatidagi fermer xo‘jaliklarida ishlay boshlagan.
Tarixchining ta’kidlashicha, aynan Braziliyada oilaning familiyasi o‘zgargan. Ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonida Arderigo Kuchchettiniga Federiko ismi berilgan, Coccettini familiyasi esa Cuccittini shakliga o‘zgartirilgan. Keyinchalik aynan shu familiyani Messining onasi Seliya Mariya Kuchchittini ham olib yurgan.
Federiko tug‘ilganidan bir yil o‘tib, oila Argentinaning Rosario shahriga ko‘chib o‘tgan. Keyinchalik shu yerda futbolchining bobosi Antonio Kuchchittini, undan so‘ng esa Lionel Messi tavallud topgan.
Santinining aytishicha, u Messi oilasi tarixini futbolchi «Barselona» safida porlay boshlagan davrdan o‘rganishga kirishgan. Tadqiqot 2019–2022-yillar davom etib, futbolchining ona tomondan shajarasini tiklashga muvaffaq bo‘lingan.
Tarixchining fikricha, Italiyada deyarli uchramaydigan Cuccittini familiyasi aynan Messi oilasining Braziliya bilan bog‘liqligini aniqlashda muhim omil bo‘lgan.
Qayd etilishicha, hozirda Messining Braziliyada yashovchi qarindoshlari yo‘q. Oila 1905-yildayoq mamlakatni tark etib, Argentinaga ko‘chib ketgan.