Tadbirkorning huquqi oliy sudda tiklandi
Qashqadaryo viloyatida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik sub’ekti rahbari Biznes-ombudsman devoniga murojaat qilib, kovrak mahsulotini yetishtirish uchun berilgan yer maydoni hokim qarori asosida olib qo‘yilganini ma’lum qilgan.
Tadbirkorga kovrak mahsuloti yetishtirish uchun Dehqonobod tumani hokimining 2019-2020 yillardagi qarorlari bilan jami 995,6 gektar yer maydoni ijaraga berilgan.
– Dehqonobod tuman hokimining 2020 yil 2 oktyabrdagi HQ-882/10-sonli qarori bilan yer ijara shartnomasi bir taraflama bekor qilinib, ajratilgan yer maydonining bir qismini qaytarish belgilangan, – deydi Biznes-ombudsman devonining Qashqadaryo viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi yetakchi inspektori M.Ismailov. – Fuqarolik kodeksining 382-moddasiga muvofiq agar ushbu kodeksda, boshqa qonunlarda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, shartnoma taraflarning kelishuviga muvofiq o‘zgartirilishi va bekor qilinishi mumkin.
Ushbu holat yuzasidan Biznes-ombudsman tomonidan tadbirkor manfaatini ko‘zlab Qarshi tumanlararo ma’muriy sudiga ariza taqdim qilingan. Qarshi tumanlararo ma’muriy sudining 2021 yil 7 iyundagi hal qiluv qarori bilan sudga shikoyat qilish muddati sababsiz o‘tkazib yuborilganligi ta’kidlanib, ariza rad qilingan.
Qashqadaryo viloyati ma’muriy sudi apellyatsiya instansiyasining 2021 yil 19 oktyabrdagi qarori bilan birinchi instansiya sudining qarori o‘zgarishsiz qoldirilgan. Mazkur sud qarorlari yuzasidan Biznes-ombudsman tomonidan Oliy sudga kassatsiya shikoyati kiritilgan.
Oliy sud ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atining 2022 yil 18 fevraldagi qarori bilan quyi instansiya sudlarining qarorlari bekor qilinib, Dehqonobod tuman hokimining tadbirkor manfaatida zid tarzda qabul qilingan qarori qisman haqiqiy emas, deb topildi.
O‘lmas Barotov, O‘zA