Tadbirkorlik rivoji yo‘lida
Qashqadaryo viloyatida soliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining yanada samarali faoliyat yuritishi uchun yaratilayotgan imtiyoz va qulayliklarga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Qashqadaryo viloyatida soliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining yanada samarali faoliyat yuritishi uchun yaratilayotgan imtiyoz va qulayliklarga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.Viloyatdagi korxona va tashkilotlar vakillari, tadbirkorlar, oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari bitiruvchilari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida soliq yukini kamaytirish, soliq solish mexanizmini soddalashtirish va soliq ma’murchiligini takomillashtirish, tadbirkorlik rivoji uchun keng imkoniyatlar yaratishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
– 2015-yil uchun soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan kelib chiqib, soliq yukini yanada yengillashtirish, soliq tizimini soddalashtirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko‘rildi, – deydi viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Xudoyberdi Xolboyev. – Xususan, davlatimiz rahbarining 2014-yil 4-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2015-yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va davlat byudjeti parametrlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i stavkasi 8 foizdan 7,5 foizga tushirildi. Ishchi-xodimlarga to‘lanadigan daromadlarni legallashtirish, mehnatga haq to‘lash fondiga soliq yukini kamaytirish maqsadida mikrofirmalar, kichik korxonalar hamda fermer xo‘jaliklari uchun yagona ijtimoiy to‘lov stavkasi 25 foiz o‘rniga 15 foiz etib belgilandi. Qurilish sohasida faoliyat yurituvchi kichik biznes subyektlari uchun yagona soliq to‘lovi stavkasi 6 foizdan 5 foizga tushirildi.
Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha 2015-yil 1-yanvardan boshlab ushbu soliqni hisoblashda eng kam ish haqining bir barobarigacha “0” darajali stavkani nazarda tutuvchi to‘rt pog‘onali soliq stavkalarini qo‘llash tartibi joriy etildi. Ya’ni, jismoniy shaxslarning eng kam ish haqining bir barobariga qadar daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘iga tortilmaydi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlar ushbu tarmoqlar faoliyatini yanada kengaytirish va rivojlantirish, xarajatlarni tejash, yangi ish o‘rinlari tashkil etish kabi ezgu maqsadlarga xizmat qiladi.
Seminarda “Soliq va byudjet siyosatining 2015-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni asosida soliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida ham batafsil tushuntirish berildi.