Tadbirkorlarning yaqin ko‘makchisi
Navoiy shahar hokimligi qoshida tashkil etilgan “Bir oyna” bo‘limi ijtimoiy ta’minot, ta’lim, sog‘liqni saqlash, bandlikni ta’minlash, fuqarolarning chet elda ish faoliyatini amalga oshirish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, huquqiy maslahat berish borasida aholi, ayniqsa, tadbirkorlarning yaqin ko‘makchisiga aylangan.
Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasida mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyotida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning o‘rni tobora yuksalmoqda. Xususan, joylarda tashkil etilgan “Bir oyna” bo‘limlari tadbirkorlarning murojaatlarini ko‘rib chiqish, ularga belgilangan tartiblar asosida xizmat ko‘rsatishda muhim ahamiyat kasb etayotir.Navoiy shahar hokimligi qoshida tashkil etilgan “Bir oyna” bo‘limi ijtimoiy ta’minot, ta’lim, sog‘liqni saqlash, bandlikni ta’minlash, fuqarolarning chet elda ish faoliyatini amalga oshirish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, huquqiy maslahat berish borasida aholi, ayniqsa, tadbirkorlarning yaqin ko‘makchisiga aylangan.
Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami, muhr va tamg‘alarga ruxsatnoma olish hamda tuman va shahar mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bo‘limlariga ro‘yxatga qo‘yish ishlari bevosita “Bir oyna” bo‘limi tomonidan ikki ish kunida amalga oshirilmoqda.
– Bo‘lim murojaat etuvchilarga namunali xizmat ko‘rsatishi uchun zarur jihozlar bilan ta’minlanib, internet tarmog‘iga ulangan, – deydi Navoiy shahar hokimligi huzuridagi tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish inspeksiyasi boshlig‘i Sherzod Ismoilov. – Prezidentimizning joriy yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bunda muhim dasturilamal bo‘layotir. Bu tadbirkorlar oldida turgan mavjud muammolarni ijobiy hal etish, ularning vaqt va mablag‘ini tejash imkonini bermoqda. Jumladan, joriy yilning o‘tgan to‘qqiz oyida 194 yuridik shaxs hamda 1 ming 277 yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchilar davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Bo‘limga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish maqsadida muhandislik-kommunikatsiyalariga ulanish uchun jismoniy va yuridik shaxslardan 183 murojaat kelib tushgan. Jumladan, arxitektura-rejalashtirish topshirig‘ining tegishli qismlarini tayyorlash uchun 66 buyurtma, Navoiy kon-metallurgiya kombinati podstansiya va tarmoqlari sexi hamda birlashgan energo xizmati tomonidan 117 texnik shartlar tadbirkorlik subyektlariga o‘z vaqtida rasmiylashtirib berilgan. Ya’ni, murojaatlarning 113 tasiga kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish bo‘yicha ruxsat berilib, 4 tasi belgilangan me’yorlarga to‘g‘ri kelmasligi sababli rad etilgan.
“Bir oyna” bo‘limiga kelayotgan murojaatlarning aksariyatini tadbirkorlik bilan bog‘liq masalalar tashkil etmoqda. Demak, mamlakatimizda mazkur yo‘nalishda faoliyat yuritishni maqsad qilgan ishbilarmonlar uchun yaratilayotgan ulkan imkoniyatlardan aholi unumli foydalanayotir. Murojaat etuvchilar o‘rtasida turli tushunmovchiliklar yuzaga kelgan holatlarda mutasaddi xodimlar murojaat qilayotgan fuqaro yoki tadbirkor bilan suhbatlashib, ularga huquqiy maslahat berib, masala shu yerning o‘zida yechim topmoqda.
Muxtasar aytganda, “Bir oyna” bo‘limi o‘z oldiga qo‘yilgan maqsad va vazifalarni bajarib, aholining ishonchli va yaqin hamkoriga aylanmoqda. Bu esa aholi va tadbirkorlarning murojaatlari o‘z vaqtida qanoatlantirilishi, qonuniy huquqlari ta’minlanishiga xizmat qilayotir.