Tadbirkorlarga qanday soliq imtiyozlari berilmoqda?
Termiz shahrida Davlat soliq qo‘mitasi tadbirkorlar uchun Prezidentimizning joriy yil 27 yanvardagi «Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» gi qarori mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan uchrashuv tashkil etdi.
Unda Davlat soliq qo‘mitasining soliq solish metodologiyasi departamenti direktori o‘rinbosari Davron Bobojonov va boshqalar mamlakatimizda xizmatlar sohasini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor va imtiyozlar sohani yangi bosqichda yuksaltirishda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi. Sohada yaratilayotgan yengilliklar zamonaviy xizmatlar ko‘rsatish sifati va samaradorligini oshirayotgani qayd etildi.

– Xizmatlar sohasini yanada rivojlantirish uchun berilayotgan yengillik va imtiyozlar biz uchun yana bir katta imkoniyat bo‘ldi, – deydi Termiz shahridagi «Meridian» mehmonxonasi rahbari Abdug‘affor Norqobilov.– Koronavirus kasalligi bilan bog‘liq pandemik vaziyat ayniqsa mehmonxona xizmati ko‘rsatish faoliyatiga jiddiy ta’sir o‘tkazdi. Bu ta’sirni yumshatish uchun davlatimiz sohaga ko‘plab yengillik va imtiyozlar berdi. 2022 yilning 1 aprelidan bir qancha faoliyat turlari qatorida mehmonxona xizmati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlari uchun ham ijtimoiy soliq stavkasining 1 foiz etib belgilanishi, 5 yil mobaynida yer solig‘i va mol-mulk solig‘i stavkalarining 90 foizga kamaytirilishi faoliyatimizni rivojlantirish yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam bo‘ldi. Uchrashuvda “E-aktiv” dasturi, qo‘shimcha qiymat solig‘i to‘lovchilarining tahlika-tahlil avtomatlashtirilgan tizimi hamda mol-mulk solig‘iga oid kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar haqida ham atroflicha ma’lumot berildi.

Shuningdek, “E-aktiv” dasturiy mahsulotidan foydalanmaganlik hamda haqiqatda yetkazib berilgan tovar (xizmat)ga mos kelmaydigan mahsulot va xizmat identifikatsiya kodlarini ko‘rsatgani uchun soliq to‘lovchilarga nisbatan javobgarlik choralari 2022 yil 1 sentyabrga qadar qo‘llanilmasligi, tadbirkorlik sub’ektlarini dasturni qo‘llashga jalb etish bosqichma-bosqich amalga oshirilishi tushuntirildi. Qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilarining tahlika-tahlil avtomatlashtirilgan tizimi bo‘yicha avval taqdim etilgan uch oylik davrga (2021 yilning oktyabr oyidan dekabr oyiga qadar) qo‘shimcha ravishda soliq to‘lovchilarning 5 ta omil yuzasidan soliq xavfi mezonlari (holatlari) qo‘llanilishining 2023 yil 1 yanvarga qadar to‘xtatilishi, yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i hisoblanishi bo‘yicha ham fikr almashildi.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA muxbiri