Tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar va huquqiy kafolatlar
Toshkent davlat yuridik universitetida Biznes-ombudsman bilan hamkorlikda davlatimiz rahbarining 2023-yil 27-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash doirasida “Tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar va huquqiy kafolatlar” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga bag‘ishlangan davra suhbatida Biznes-ombudsman mas’ul xodimi Botir Usmonaliyev ishtirok etdi. U Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida ilgari surilgan tashabbuslarning mazmun-mohiyati, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlari, biznes subyektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlari hamda ushbu yo‘nalishdagi davlat siyosatining istiqbollari haqida so‘z yuritdi.
Shuningdek, tadbirda tadbirkorlar uchun ma’muriy bosimni kamaytirish va ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim yengilliklar xususida tushunchalar berildi.
Qayd etilganidek, kichik tadbirkorlik subyektlari faoliyatini har qanday tekshirishga 3 yillik moratoriy joriy etildi. Ushbu davrda tekshiruv o‘tkazish mutlaqo noqonuniy hisoblanadi.
Agar tadbirkor birinchi marta xatolikka yo‘l qo‘ysa va bu holat inson hayotiga xavf tug‘dirmasa, unga jarima solinmaydi. Aksincha, kamchilikni bartaraf etish uchun 10 kun muddat beriladi.
Shu bilan birga, biznesga nisbatan qo‘llaniladigan barcha moliyaviy va ma’muriy jazolar miqdori o‘rtacha ikki baravarga kamaytiriladi.
Tadbirda Prezidentimizning tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqoti va undan so‘ng qabul qilingan farmon O‘zbekistonda biznes yuritish muhitini tubdan o‘zgartirishga qaratilgan tarixiy burilish nuqtasi bo‘lgani ta’kidlandi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA