Tadbirkorlar murojaatlari doimiy e’tiborda
Yurtimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish va biznesni yuritish uchun qulay muhit yaratish, tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy kafolatlarini mustahkamlash sohasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, hududlarda tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari tomonidan tadbirkorlarning murojaatlari bilan ishlash, ularning muammoli masalalarni hal etishda tizimli ish olib borilyapti.
O‘tgan yilning o‘n bir oyi davomida Navoiy viloyatidagi Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasiga 3032 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 775 tasi viloyat ishchi guruhi sayyor qabullarida, 1840 tasi viloyat, tuman va shaharlar qabulxonalari orqali, 302 tasi call-center orqali, 115 ta murojaat esa tadbirkorlarning shaxsiy kibaneti orqali qabul qilingan. Shuningdek, qabulxona tomonidan 205 marotaba sayyor qabullar tashkil etildi. Unda 836 ta turli masalalarda murojaatlar qabul qilinib, ularning 672 tasi ijobiy qanoatlantirilgan, 120 ta masala bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berilgan bo‘lsa, 9 tasi asosli tarzda rad etildi.
Jumladan, qabulxona tomonidan Zarafshon shahrining Sanoat hududida faoliyat yuritib kelayotgan 86 nafar tadbirkor foydasiga Navoiy viloyat Adliya boshqarmasi tomonidan Zarafshon shahar Ma’muriy sudiga Zarafshon shahar hokimining 2019 yil 19 maydagi Q-350-sonli qarorini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risida da’vo arizasi kiritilishiga erishildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 14 maydagi “Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni talablariga asosan, tadbirkorlik faoliyatiga xotin-qizlarni kengroq jalb qilish maqsadida, Zarafshon shahrida faoliyat yurituvchi “Qizilqum Omad Savdo” MCHJ ga 196 million so‘m miqdorida imtinidanyozli kredit mablag‘lari ajratilishiga erishildi. Natijada, mazkur korxona tomonidan 12 ta yangi ish o‘rni yaratilib, bugungi kunda faoliyatini olib bormoqda.
- "Nigina - Fayz" oilaviy korxonasining umumiy ovqatlanish shoxobchasini ichimlik suvi bilan ta’minlab berishni so‘rab Bosh vazir qabulxonasiga murojaat qilgan edim, – deydi navbahorlik tadbirkor Baxrullo Ochilov. –Qabulxona tomonidan murojaatim tegilshi mas’ullarga yo‘naltirilib, muammom ikki-kun ichida ijobiy qanoatlantirildi.
Murojaatlar sohalar kesimida tahlil etilganida asosan kredit, tadbirkorlik faoliyati uchun yer-joy ajratish, bo‘sh turgan bino va inshootlarni ajratish, ruxsatnomalar, litsenziyalar va hujjatlar rasmiylashtirish, mansabdor shaxslarning harakati va harakatsizligi, shuningdek, soliq, prokuratura, sud bojxona masalasida ekanligi ayon bo‘ladi.
– Sayyor qabullarning 8 tasi viloyatning olis cho‘l hududlari – Tomdi, Uchquduq tumanlaori va Zarafshon shahrida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar bilan videokonferensaloqa shaklida tashkil etildi, – deydi qabulxona mudiri Dilshod Shakarov. – Mazkur sayyor qabulda ko‘tarilgan barcha masalalar nazoratga olinib o‘z muddatida ijobiy qanoatlantirildi. Kelib tushayotgan murojaatlarning barchasini ijobiy hal etish choralari ko‘rilib, har bir murojaat business.gov.uz portaligi kiritiladi va tegishli tashkilotlarga ijro muddati qo‘yilgan holda yuborilmoqda. hamda bajarilishi to‘liq nazorat qilinmoqda. 2020 yil 1 dekabrigacha 103 ta murojaat bo‘yicha tegishli mas’ullardan iborat ishchi guruh tuzilib, masalalar joyida borib o‘rganilgan holda ijobiy hal etilgan.
Bosh vazir qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlarning ijro tahlili muhokama etib borilishi hamda viloyat, tuman (shahar)lar bo‘yicha xato va kamchikliklarga yo‘l qo‘ygan korxona va tashkilotlarga taqdimnomalar kiritib borish kabi choralar ko‘rildi. Jumladan, tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqishda belgilargan muddatlarga rioya etmaslik yoki yuzaki ko‘rib chiqqanlik holatlari yuzasidan hokimliklar va vakolatli organlarga 32 marotaba ogohnoma, taqdimnomalar kiritilgan bo‘lib, 29 ta intizomiy jazo choralari ko‘rilgan. Xususan, mahalliy davlat hokimiyati organlariga 1 ta, bank muassasalari rahbar va hodimlariga 20 ta, boshqa tashkilot va korxona mas’ullariga nisbatan 8 ta intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, o‘tgan yil mobaynida xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining sessiyalarida viloyat, tuman va shaharlardagi qabulxona mudirlari, hokimlar, sektor rahbarlari, bank muassasalari, tegishli tashkilotlar rahbar va mas’ullarining tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, tadbirkorlar murojaatlarining tahlillari hisobotlari eshitildi.
Davlatimiz rahbari va hukumatimiz tomonidan tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va ular uchun yaratilayotgan sharoit va imtiyozlar mazmun-mohiyatini keng targ‘ib etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda tadbirkorlar uchun “Koronavirus pandemiyasi sharoitida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishning muhim shart va sharoitlari”, “Pandemiyadan so‘ng biznesni tiklash”, “Koronavirus pandemiyasi davrida fors-major holatlarini tasdiqlash masalalari”, “Oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashning zamonaviy mexnanizmlari”, “Tadbirkorlik sohasida ma’muriy javobgarlik masalalari” mavzularida bir qator vebinarlar tashkil etildi.
Qabulxona tomonidan chet el investorlari bilan ham uchrashuvlar tashkil etilib, turli bitim va shartnomalar tuzishga erishilmoqda.
– 2020 yil mobaynida Turkiyaning “ULTRA INC”, Xitoyning “QINGDAO WEIER PLASTIS MACHINERY CO., LTD” kompaniyalari vakillari bilan B2B uchrashuvi tashkil etildi, – deydi qabulxona bosh mutaxassisi Farhod Rahmonov. – Tadbirkorlar ham ishtirok etgan uchrashuvlarda shartnoma va kelishuvlar tuzilishiga erishildi. Shuningdek, viloyat Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda marmar va granit toshlarga qayta ishlov berish texnologiyalari yerkazib berish bilan shug‘ullanuvchi “MKS Mermer Kesme ve Silme Mak. San. Tic. Ltd. Şti.” kompaniyasi vakillari bilan uchrashilib, tadbirkorlarga aniq biznes loyihalar taklif qilindi.
Qabulxona xodimlari mamlakatimizda yoshlar siyosati borasida olib borilayotgan islohotlar jarayoniga ham befarq emas. Jumladan, viloyat rahbarlari va yoshlar ishtirokida sayyor uchrashuvlar, ochiq muloqotlar tashkil etilib, tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan yoshlarga umumiy tushunchalar, tadbirkorlikni yuritish tartibi, mulkchilik shakllari, soliq imtiyozlari, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tashkil etilgan tashkilot va organlar to‘g‘risida batafsil tushunchalar berilmoqda. Shuningdek, yoshlarning Navoiy shahridagi sanoat korxonalariga sayohatlari uyushtirildi.
Abduvali BO‘RIEV, O‘zA