Tadbirkorlar muammosi hokim nazoratida
Buxoro viloyati Romitan tumanidagi “Xotira va istirohat bog‘i”da “Hokim va tadbirkorlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Unda sektor rahbarlari, tuman Xalq qabulxonasi hamda Bosh vazir qabulxonasi mudirlari, tuman hokimi o‘rinbosarlari, mutasaddi korxona, tashkilot rahbarlari, huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimlari, ommaviy axborot vositasi vakillari ishtirok etdi.

Tuman hokimi Xurshid Tohirov uchrashuvga kelgan 30 dan ortiq tadbirkorlarning murojaatlarini tingladi. Ularni qiynab kelayotgan masalalarga yechim izlandi.
Murojaatlarning 8 tasi ijobiy hal etildi. 6 tasiga huquqiy maslahat va tushuntirishlar berildi. Ijrosi ma’lum muddat talab qilinadigan 15 ta murojaatlarni ijobiy hal etish bo‘yicha mutasaddilarga yo‘naltirildi.

Tadbirkorlar asosan bank kreditlari, yer ajratish, bino olish, infratuzilma yaratish, bojxona va soliq imtiyozlari bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha tuman rahbari va mas’ullarga murojaat qildi.
Zarif Komilov, O‘zA