Tadbirkorlar mahsulotlari eksportga yo‘naltirilmoqda
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar natijasida mamlakatimizning eksport salohiyati izchil yuksalib bormoqda. “Made in Uzbekistan” yorlig‘i tushirilgan mahsulotlar jahon bozorida keng o‘rin egallamoqda.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar natijasida mamlakatimizning eksport salohiyati izchil yuksalib bormoqda. “Made in Uzbekistan” yorlig‘i tushirilgan mahsulotlar jahon bozorida keng o‘rin egallamoqda.
Bu jarayonda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari ham faol ishtirok etmoqda. Davlatimiz rahbarining 2013-yil 8-avgustdagi qaroriga muvofiq tashkil etilgan O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki huzuridagi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi bu borada alohida o‘rin tutadi. Mamlakatimizning barcha hududlarida o‘z filiallariga ega bo‘lgan mazkur jamg‘arma tadbirkorlarni eksport faoliyatiga jalb etib, ularning mahsulotlarini tashqi bozorlarga yo‘naltirishga ko‘maklashmoqda. Kichik biznes vakillarining xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalarda, biznes-forum va kooperatsion birjalarda ishtirok etishi, hamkorlar topishi va shartnomalar tuzishi, xorijiy davlatlar qonunchiligiga muvofiq litsenziya va sertifikatlar olishiga har tomonlama yordam ko‘rsatmoqda.
Bunday imkoniyatlar samarasida o‘z mahsulotlarini eksport qilish istagidagi ishbilarmonlarimiz safi tobora kengayib bormoqda. Ular taklif etayotgan mahsulot va xizmatlar yuqori sifati bilan xorijlik iste’molchilarga manzur bo‘lmoqda.
Joriy yilning birinchi yarmida jamg‘arma ko‘magida olti yuzga yaqin tadbirkorlik subyekti qurilish, to‘qimachilik, kimyo, oziq-ovqat sanoati va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, shuningdek, sayyohlik, transport, marketing, konsalting xizmatlarini eksport qildi. Ularning umumiy qiymati 472,8 million AQSh dollaridan oshdi.
Jamg‘arma oltmishga yaqin xorijiy tashkilot bilan hamkorlik o‘rnatgan. Ular bilan hamkorlikda xalqaro savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni rivojlantirish, xususiy sektorning tashqi bozordagi faoliyatini kengaytirish, mamlakatimiz eksport salohiyatini yanada yuksaltirishga qaratilgan qator istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.
Shu yilning 6-8-noyabr kunlari Xitoyning Gongkong hamda 12-14-noyabr kunlari Shanxay shaharlarida o‘tkaziladigan oziq-ovqat sanoati xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmalarida o‘zbekistonlik bir guruh ishbilarmonlarning ishtirok etishi rejalashtirilgan. Ushbu ko‘rgazmalar mamlakatimiz oziq-ovqat sanoatining ulkan salohiyatini jahon bozorida namoyish etish, yangi hamkorlar topish va bu borada imkoniyatlarning yangi qirralarini kashf etish, shuningdek, Xitoy bozorini yanada chuqurroq o‘rganish hamda mazkur mamlakat bilan istiqbolli savdo-iqtisodiy hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash uchun g‘oyat qulay imkoniyatdir.
Mazkur xalqaro ko‘rgazmalarda Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi ko‘magida mamlakatimizning bir necha korxonasi qayta ishlangan uzum mahsulotlari bilan ishtirok etadi.
Dunyodagi yirik oziq-ovqat ko‘rgazmalari hisoblanadigan ushbu xalqaro anjumanlarda bu yil O‘zbekiston, AQSh, Argentina, Chili, Germaniya, Gretsiya, Italiya, Portugaliya, Ispaniya, Avstriya, Fransiya, Shveytsariya kabi ko‘plab mamlakatlardan yetakchi firma va kompaniyalar qatnashishi kutilmoqda.
Xalqaro ko‘rgazmalar yurtimizning kompaniya va korxonalari vakillari uchun turli mamlakatlar ishbilarmonlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalar o‘rnatish, mavjudlarini yanada kengaytirish va mustahkamlash, istiqbolli loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish, o‘z mahsulot va xizmatlarini eksport qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishish uchun qulay imkoniyat bo‘ladi.