Tadbirkorlar huquqi doimiy himoyada
Qarshida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 5-oktabrda imzolagan "Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon mazmun-mohiyati va ahamiyatini targ‘ib qilishga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.
Qarshida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 5-oktabrda imzolagan "Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon mazmun-mohiyati va ahamiyatini targ‘ib qilishga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal- demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi, O‘zbekiston Fermerlari kengashi va viloyat hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda partiya faollari, mahalliy Kengashlardagi deputatlik guruhi a’zolari, tadbirkorlar, fermerlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
– Farmonda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka yanada keng erkinlik berish, ularning faoliyatiga aralashuvlarni tubdan qisqartirish, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktika samaradorligini oshirish davlat organlarining birinchi galdagi vazifasi ekani qayd etilgan, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Komiljon Ernazarov. – Ushbu hujjat mamlakatimiz iqtisodiyotini barqaror rivojlantirishning asosiy omili sifatida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish yo‘lidagi g‘ovlar va to‘siqlarni bartaraf etishda Birinchi Prezidentimiz belgilab bergan yo‘lning izchilligini ta’minlaydi.
Tadbirda farmon ijrosini ta’minlash, noqonuniy tekshiruvlar oqibatida tadbirkorlik subyektlarining faoliyati asossiz to‘xtatilishi va zarar yetkazilishiga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan fikr almashildi. Ushbu farmonda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzurida Tadbirkorlik subyektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakillik institutini tashkil etish tavsiya etilgani tadbirkorlik subyektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish yanada mustahkamlanayotganidan dalolat beradi.