Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi
Toshkent shahar Yunusobod tumanida kichik va o‘rta biznes vakillari ishtirokida navbatdagi ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuv Toshkent shahar soliq boshqarmasi hamda Yunusobod tuman soliq inspeksiyasining mas’ul rahbarlari tomonidan tashkil etildi.
Tadbirda tumanda faoliyat yuritayotgan kichik va o‘rta biznes sub’ektlari ishtirok etdi. Muloqot davomida tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, soliq sohasidagi yengilliklar hamda mavjud muammolarni hal qilish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Ochiq muloqot tarzida tashkil etilgan uchrashuvda tadbirkorlarning murojaatlari tinglandi.
Jumladan, soliq imtiyozlaridan foydalanish, barqarorlik reytingi, soliq hisobotlarini to‘g‘ri va o‘z vaqtida topshirish, elektron hisobot tizimi bilan bog‘liq masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi. Tadbirkorlar tomonidan bildirilgan taklif va muammolar yuzasidan tegishli mutasaddilarga topshiriqlar berildi va ularni ijobiy hal etish choralarini ko‘rish bo‘yicha rejalar belgilandi.

Bunday ochiq muloqotlar tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning faoliyatini rivojlantirishga ko‘maklashish hamda davlat organlari bilan samarali hamkorlikni ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA