Tadbirkorga tegishli yer maydoni qaytarib berildi
So‘nggi yillarda mamlakatimizda yer munosabatlarini takomillashtirish, yer maydonlari ajratishning soddalashtirilgan tartibini qo‘llash, yer resurslaridan foydalanishda zamonaviy bozor mexanizmlari joriy qilish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 8 iyunda “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilinib, yer maydonlarini ajratishda yangicha yondashuvni boshlab berdi.
Mazkur farmon ijrosini ta’minlash maqsadida Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi tomonidan yer uchastkalarini berish bo‘yicha materiallar to‘plash, ko‘rib chiqish va kelishish tartib-taomillarini amalga oshirish uchun “YERELEKTRON” avtomatlashtirilgan axborot tizimi qayta ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi.
bugungi kunda Navoiy viloyatida “YERELEKTRON” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali shaffof va erkni raqobat orqali 640 ta bo‘sh turgan 119,1 gektar yer uchastkasi kelajakda 487,1 milliard so‘m investitsiya kiritish sharti bilan sotilgan.
– Joriy yilning o‘tgan davrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining Navoiy viloyatida faoliyat yurituvchi xodimlari kelib tushgan 94 ta yerga oid murojaatlarning aksariyati tadbirkorlik sub’ektlari manfaati uchun hal qilingan, – deydi Vakil devoni yetakchi inspektori Komil Kuliyev. – Jumladan, Navoiy viloyati Xatirchi tumanida faoliyat yurituvchi “Xatirchi chordara” MCHJ rahbari V.Bopilovning tuman hokimi qaroridan norozi bo‘lib yozgan murojaati o‘rganib chiqildi. Ma’lum bo‘lishicha, tuman hokimining 2020 yil 23 oktyabrdagi Q-1577-sonli qarori bilan “Xatirchi chordara” MCHJga tegishli bo‘lgan jami 1266,7 gektar yer maydoni o‘rnatilgan tartibda tuman zaxirasiga olinmasdan O‘zbekiston Respublikasi Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasiga doimiy egalik uchun berib yuborilgan. Mazkur holat bo‘yicha MCHJ qonuniy huquq va manfaatlarini tiklash yuzasidan o‘rganishlar amalga oshirilib, Navoiy tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritildi. Yakunda sud tomonidan da’vo talablari to‘liq qanoatlantirilib, muqaddam fermer xo‘jaligiga tegishli yer maydoni qaytarib berilishiga erishildi.
Albatta, bugungi kunda yer uchastkalari ajratishning barcha uchun teng, shaffof va bozor tamoyillariga asoslangan tartibini joriy etish, yerga oid mulkiy va huquqiy munosabatlarda barqarorlikni ta’minlash, yerlarni muhofaza qilish, yer egalarining mulkiy huquqlarini kafolatlash, shuningdek, yerning iqtisodiy qiymatini belgilash orqali uni fuqarolik huquqiy munosabatlar ob’ekti sifatida erkin muomalaga kiritish borasida amaliy ishlar olib borilmoqda Bu esa yerga bo‘lgan munosabatning tubdan o‘zgarishiga sabab bo‘lmoqda.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA