Tadbirkor yoshlar savollariga javob oldi
Ohangaronlik yosh tadbirkor Ergashali Sulaymonov 2014-yilda "Yosh tadbirkor – elga madadkor" tanlovida g‘olib bo‘lib, "Ipoteka-bank" aksiyadorlik tijorat bankining tuman filialidan 32 million so‘mlik imtiyozli kredit olgan.
Ohangaronlik yosh tadbirkor Ergashali Sulaymonov 2014-yilda "Yosh tadbirkor – elga madadkor" tanlovida g‘olib bo‘lib, "Ipoteka-bank" aksiyadorlik tijorat bankining tuman filialidan 32 million so‘mlik imtiyozli kredit olgan. U rahbarlik qilayotgan "Yakkatut" mas’uliyati cheklangan jamiyati xo‘jalik va qurilish mollarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Korxonada bir kunda 7 tonnagacha mix va alyuminiy sim ishlab chiqariladi. Ergashali o‘tgan yili bankdan olgan kreditini to‘lab, yaqinda yana 120 million so‘mlik imtiyozli kredit oldi. Bu mablag‘ korxonani yanada kengaytirish, zamonaviy texnologiyalar sotib olish, kollej bitiruvchilari uchun qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishga yo‘naltiriladi. Biroq Ergashali ish jarayonida turli to‘siqlar, muammo va asossiz aralashuvlarga duch kelmoqda..."Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, Savdo-sanoat palatasi, Davlat soliq qo‘mitasi hamkorligida o‘tkazilgan «Yoshlarda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishga ko‘maklashish hamda ularni tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish» mavzuidagi seminarda Ergashali singari yoshlar o‘z tadbirkorlik faoliyatida duch kelayotgan turli muammolar bo‘yicha soha mutaxassislaridan javob oldi. Unda yosh tadbirkorlar, davlat organlari, tijorat banklari vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
"Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi raisi o‘rinbosari O‘.Shukurov, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisining o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi A.Ikromov, Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari H.Shokirov, Markaziy bank raisining o‘rinbosari Sh.Shoahmedov, Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i U.Kamoliddinov va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ishlab chiqilgan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirishda yoshlar faolligini ta’minlash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani xususida so‘z yuritdi.
Ochiq muloqotda tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, biznes-reja tuzish, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalar asosida eksport-import operatsiyalarini rivojlantirish masalalari muhokama etildi. Soha mutaxassislari tadbirkorlarga yaratilgan imtiyoz va preferensiyalar, qonun hujjatlarida xususiy sektor vakillarining huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan normalar, soliq, bojxona va ro‘yxatdan o‘tkazish turlari bo‘yicha imtiyozlar, garov hujjatlarini rasmiylashtirish tartibi yuzasidan tegishli tavsiyalar berdi.
– Korxonamizda alyuminiy eshik va romlar ishlab chiqariladi, – deydi "Zara-Sara" xususiy korxonasi rahbari Ilhomjon Isoqov. – "Mikrokreditbank" aksiyadorlik tijorat bankining Parkent tumani filialidan imtiyozli kredit olgan edik. Bu mablag‘ni eshik-rom, metall darvozalar ishlab chiqarishga yo‘naltirib, 8 nafar yoshni ish bilan ta’minladik. Men bugungi ochiq muloqotga faoliyatimizda duch kelgan muammo – xorijdan simni qayta ishlovchi zamonaviy texnika olib kelish uchun valyuta ayirboshlash hamda ijaraga qo‘shimcha bino olish masalasi bilan murojaat etdim.
Tadbirda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, sohani moliyaviy qo‘llab quvvatlash, turli to‘siqlarga barham berish bo‘yicha yaratilgan huquqiy kafolatlar haqida ma’lumotlar berildi.
Ochiq muloqotda yosh tadbirkorlar o‘zlarini qiziqtirayotgan savollarga javob oldi.