Tadbirkor vijdon bilan ishlashi kerak
Xalqimizda kam bersada, barakasi bilan bersin, degan ajoyib naqlga amal qilgan assotsiatsiya tadbirkor ayollari katta miqdorda himoya niqoblari tikib, arzon narxlarda sotmoqda.
“Tadbirkor ayol” assotsiatsiyasi aʼzolari boʻlgan sirdaryolik “biznes ledi”lar tomonidan viloyatda koronavirus pandemiyasi tarqalishini oldini olish hamda aholiga qulaylik yaratish maqsadida 5 ming dona himoya niqoblarini tikib, Guliston shahri bozorlariga eng arzon narxlarda sotuvga chiqardi.
Xalqimizda kam bersada, barakasi bilan bersin, degan ajoyib naqlga amal qilgan assotsiatsiya tadbirkor ayollari katta miqdorda himoya niqoblari tikib, arzon narxlarda sotmoqda.
– Koʻpga kelgan toʻy, xalqimiz boshiga tushgan bu sinovli kunlardan tezda chiqib ketishimizga, meni, bir ona sifatida bunga iymonim komil, – deydi assotsiatsiya rahbari, viloyat Kengashi deputati, tadbirkor Gulchehra Djonjigitova. – Vatandoshlarimizga oson boʻlmay turgan shunday bir paytda biz tadbirkorlar sahovat qoʻlini choʻzish oʻrniga narx-navoni koʻtarsak, vaziyatdan foydalanib, daromadimizni oshirib olmoqchi boʻlsak, bunday hatti harakatimiz yaratganning ham gʻazabini keltirishi shubhasiz. Xalqimiz bundan ham ogʻir kunlarni, sinovlarni boshidan kechirgan va yengib oʻtgan. Lekin biz tadbirkorlar hech qachon iymonimizni, vijdonimizni, insoniyligimizni yoʻqotmasligimiz kerak.
Sirdaryolik tadbirkor ayollar ushbu xayrli ishni viloyatning boshqa hududlarida ham davom ettirish niyatida.