Tadbirkor va fermer ayollar safi kengaymoqda
Mamlakatimizda ayollarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy-siyosiy faolligini yuksaltirish, tashabbus va intilishlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida e’tibor o‘zining yuksak samaralarini bermoqda.
Mamlakatimizda ayollarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy-siyosiy faolligini yuksaltirish, tashabbus va intilishlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida e’tibor o‘zining yuksak samaralarini bermoqda.
Prezidentimizning 2004-yil 25-mayda qabul qilingan “O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir. Mazkur hujjat ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar xotin-qizlarning o‘z qobiliyat va salohiyatini to‘la namoyon etishi uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.
Buni Toshkent viloyat xotin-qizlar qo‘mitasining davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikdagi faoliyati misolida ham ko‘rish mumkin.
Viloyatda xotin-qizlar, ayniqsa, qishloq ayollari uchun munosib sharoit yaratish, o‘smir qizlarni ta’limning keyingi bosqichiga to‘liq qamrab olish, kasb-hunarga yo‘naltirish, oilaviy tadbirkorlikni yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘tgan yili viloyatda yaratilgan 87 ming 421 yangi ish o‘rnining 45 ming ikki yuzdan ziyodi xotin-qizlar uchun tashkil etildi. Bunda ularning kasanachilik va tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun keng imkoniyat yaratilayotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bugun xotin-qizlar oila byudjetini boyitish bilan birga, joylarda aholi bandligini ta’minlashga ham munosib hissa qo‘shayotir.
Bekobod shahridagi Samarqand mahallasida yashovchi O‘g‘iloy Mirzamurodova shunday keng imkoniyatlardan unumli foydalanib, 2007-yilda “Zulfiya Bonu chevar” tikuvchilik sexiga asos soldi. Mahalladagi xotin-qizlarga hunar o‘rgatish, ehtiyojmand oilalar farzandlarini ish bilan ta’minlashni maqsad qilgan mazkur mo‘jaz korxonada bolalar kiyimi, maktabgacha ta’lim muassasalari va tibbiyot markazlari uchun maxsus choyshablar hamda boshqa trikotaj mahsulotlari tayyorlanmoqda.
– Dastlab ikki nafar tikuvchi-bichuvchi bilan ish boshlagan edik, – deydi “Zulfiya Bonu chevar” tikuvchilik sexi rahbari O‘.Mirzamurodova. – Aniq maqsad bilan qilingan ish zoye ketmaydi, deganlaridek, mahsulotlarimiz qisqa vaqt ichida o‘z xaridorini topdi. Shu bois ishlab chiqarish quvvatini oshirish hisobidan yangi ish o‘rinlari tashkil etishga kirishdik. Bu ish bankdan olingan 28 million so‘mlik imtiyozli kredit evaziga ijobiy hal bo‘ldi. Davlatimiz tomonidan xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor tufayli shunday natijalarga erishmoqdamiz.
Ayni paytda sexda o‘ndan ziyod xotin-qiz mehnat qilmoqda. Ular orasida o‘tgan yili sanoat kollejini tamomlagan Dildora Allayeva ham bor.
– “Zulfiya Bonu chevar”da ish boshlaganimga endi yarim yil bo‘lgan bo‘lsa-da, tikuvchilik sirlarini puxta o‘rganib oldim, – deydi Dildora. – Kelgusida ustozim O‘g‘iloy opa singari tadbirkor bo‘lib, o‘zimning shaxsiy biznesimni yo‘lga qo‘yish niyatidaman.
Viloyat xotin-qizlar qo‘mitasidan ma’lum qilishlaricha, tuman va shaharlarda yangi ishlab chiqarish obyektlarini ishga tushirish, faoliyat yuritayotgan korxonalarni modernizatsiya qilish hamda kengaytirish hisobiga to‘rt yarim mingdan ziyod ayol ish bilan ta’minlangan. Uy mehnatining barcha shakllari, xususan, kasanachilikni rivojlantirish evaziga xotin-qizlar uchun 2 ming 673 ish o‘rni tashkil etilgan. Joriy yilda kasanachilar sonini yanada ko‘paytirish, tadbirkorlikni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida xotin-qizlar uchun yana shuncha ish o‘rni yaratish mo‘ljallanmoqda.
– Xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha ishlab chiqilgan reja va manzilli dasturga muvofiq, 2014-yili dehqon hamda fermer xo‘jaliklari, kichik korxona va mikrofirmalar tashkil etish, yakka tartibdagi tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish hisobiga 18 mingdan ziyod ish o‘rni yaratildi, – deydi viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi mas’ul xodimi Nasiba Kulbekova. – O‘tkazilgan mehnat yarmarkalari orqali qariyb ikki ming ayol ish bilan ta’minlandi. Yana shuncha xotin-qizga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ko‘paytirish, chorvachilikni rivojlantirish va boshqa yo‘nalishlarda tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishi uchun tijorat banklari tomonidan kredit mablag‘lari ajratildi. Viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan fermerlar orasida ayollar ham ko‘pchilikni tashkil etishi xotin-qizlarning jamiyat hayotida faolligini oshirishga qaratilgan ishlarning amaldagi isbotidir.
Qibray tumani Yangiobod qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Dilafro‘z Mirzarayimova mamlakatimizda fermerlik harakatining har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani, qishloq mulkdorlarining emin-erkin ishlashi uchun yaratilayotgan qulayliklardan samarali foydalanib, 2008-yilda o‘zining mustaqil fermerlik harakatini boshladi. 10 gektar yerda bog‘dorchilik va sabzavotchilikka ixtisoslashgan “Mirzajalil jahon bog‘i” fermer xo‘jaligini tashkil etdi.
O‘tgan yillar mobaynida “Mirzajalil jahon bog‘i” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari qatorida tilga olinadigan bo‘ldi. Bunday deyishimizning boisi, xo‘jalik bulturgi daromadi hisobidan 100 bosh qoramolga mo‘ljallab molxona barpo etdi. Tijorat bankining 320 million so‘mlik krediti evaziga Avstriyadan 30 bosh qizil-ola naslli mol keltirib, boquvga qo‘ydi.
– Joriy yil yakuniga qadar xo‘jaligimiz ekin maydoni va qoramollar sonini qariyb ikki barobar ko‘paytirishni maqsad qilganmiz, – deydi fermer xo‘jaligi rahbari D.Mirzarayimova. – Ayni paytda xo‘jaligimizda o‘n besh kishi mehnat qilmoqda. Bundan tashqari, har yili yigirma nafar xotin-qiz mavsumiy ishlarga jalb etiladi. Uy-ro‘zg‘or tashvishlaridan ortib, fermer xo‘jaligini boshqarish ilgari kimning ham xayoliga kelibdi, deysiz?! Mustaqillik biz, ayollarga ham o‘z imkoniyatimiz va qobiliyatimizni namoyon etish imkonini berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili viloyatda ayollarning siyosiy-huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ularni chorvachilik, parrandachilik hamda milliy hunarmandchilik bilan shug‘ullanishga keng jalb etish maqsadida 168 ilmiy-amaliy konferensiya, seminar-trening, davra suhbati va uchrashuvlar, umuman, 900 ga yaqin turli tadbirlar tashkil etilgan. Natijada xotin-qizlar iqtisodiyotning muayyan yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zlarining mustaqil faoliyatini boshlash istagida tegishli idoralarga murojaat qilgan.
Bu Toshkent viloyatida tadbirkorlik va fermerlik yo‘nalishlarida yaxshi natijalarga erishayotgan ilg‘or xotin-qizlar hayotidan ayrim misollar, xolos. Ayni paytda ilm-fan, madaniyat, san’at va boshqa sohalarda ham yuksak natijalarni qayd etayotgan opa-singillarimiz ko‘p.
Bularning barchasi Prezidentimiz rahnamoligida aholi, xususan, xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash, ularga munosib turmush sharoiti yaratish, iste’dod va salohiyatini yuzaga chiqarish borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlar samarasidir.