Tadbirkor o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi
Sirdaryo viloyati Shirin shahar sektor rahbarlarining hududda dorixona faoliyatini yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlar bilan uchrashuvi tashkil etildi.
Tadbirda Shirin shahar hokimligi, sektorlar va mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari hamda ularning huquqiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosarlari, shaharda dorixona faoliyatini yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlar ishtirok etdi.

Uchrashuvda, ayni paytda tarkibida giyohvandlik vositasi bo‘lgan, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining uyushgan jinoiy guruhlar tomonidan O‘zbekistonda kontrabanda yo‘li bilan olib kirish holatlari ko‘payib borayotganligini va mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan ko‘plab dorixonalar katta daromad olish maqsadida ularning noqonuniy savdosi bilan shug‘ullanayotganlik holatlari kuzatilayotgani ta’kidlandi.
Bunday dorilarning giyohvandlik vositalariga nisbatan narxi arzonligi aholi, ayniqsa, yoshlar orasida ularga nisbatan ehtiyojni kuchaytirib, o‘z navbatida, kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Psixotrop dori vositalarining noqonuniy savdosining oldini olish bo‘yicha o‘tkazilayotgan profilaktik tadbirlarga qaramasdan, afsuski shu kabi holatlar uchrab turibdi. Jumladan, respublika Ichki ishlar vazirligi tekzor xizmatlari tomonidan joriy yilning aprel oyi davomida Toshkent shahridagi dorixonalarda kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni noqonuniy realizatsiyasi bilan bog‘liq 12 ta holat aniqlanib, 21 nafar shaxsdan jami 10 ming 227 dona kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ashyoviy dalil sifatida olinib, aybdorlarga nisbatan tegishli jazo belgilangan.
Ushbu tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, psixotrop dori vositalarining noqonuniy savdosi, aholi o‘rtasida giyohvand moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalari tarqalishining oldini olishdan iborat.
Yig‘ilganlarga sektor rahbarlari tomonidan bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan hamda amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan javobgarliklar atroflicha tushuntirib o‘tildi.
A.Qayumov,
F.Toshmatov,
O‘zA