Tadbirkor ayollarga sertifikat topshirildi
Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlaridan 25-40 yoshli 25 nafar tadbirkor xotin-qiz O‘zbekistonda ilk bor tadbirkor ayollar akademiyasi (AWE)ni tamomladi. Ularga maxsus sertifikatlarni AQSHning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Xenik topshirdi.
Tadbir davomida tadbirkorlarda biznesni yo‘lga qo‘yish, mahsulotni bozorga chiqarish, iqtisodiyot rivojiga hissa qo‘shishda o‘ziga ishonchni oshirish ko‘nikmalarini hosil qilish maqsadida trening ham o‘tkazildi.
“Tech4Impact” Amerikada malaka oshirib qaytgan tadbirkor boshqarayotgan nodavlat notijorat tashkiloti bo‘lib, mazkur akademiya ishini Toshkentdagi elchixona Xalq diplomatiyasi bo‘limi nomidan amalga oshirdi. Jarayonda Arizona davlat universiteti qoshidagi “Thunderbird” global boshqaruv maktabi hamda “Freeport-McMoRan” mis qazib chiqaruvchi kompaniya hamkorligida ishlab chiqilgan “DreamBuilder” platformasidan foydalanildi.
Virtual va yuzma-yuz tashkil etilgan darslarda ishtirokchilar tajribali mutaxassislar, mahalliy murabbiylar va AQSH almashinuv dasturlari bitiruvchilaridan biznesga oid zarur bilim olishdi. Dastur menejeri Yelena Seleznyova va “Tech4Impact” direktori Saida Yusupova qatnashchilarga amaliy mashg‘ulot o‘tishdi. Joriy loyihalar bo‘yicha, biznes rejasi taqdim etish, netvorking orqali tadbirkorlik salohiyatini namoyon qilishga doir bilim, ko‘nikmalarni ulashdi.

- Amerika Qo‘shma Shtatlari xilma-xil dastur, tashabbuslar yordamida o‘zbekistonliklar uchun barqaror iqtisodiy imkoniyatni rivojlantirishga qaratilgan hamkorlikni davom ettirmoqda, - dedi Elchi Jonatan Xenik. - Biz “AWE” ishga tushishi, akademiyani muvaffaqiyatli yakunlagan mahalliy xotin-qizlarning biznes va iqtisodiyot sohasi yetakchilari sifatida o‘z bilimi, salohiyatini oshirganini ko‘rishdan nihoyatda mamnunmiz.
Tadbirkor ayollar akdemiyasi (AWE) AQSH Davlat departamentining xotin-qizlarga muvaffaqiyatli biznesni yo‘lga qo‘yish va kengaytirish uchun zarur bilim beruvchi, aloqa tarmog‘i va tegishli resurslardan foydalanish imkonini taqdim etuvchi dasturdir. Ushbu loyiha ayollarning iqtisodiy imkoniyatini rag‘batlantirish, ularni yetarli qobiliyat va resurslar bilan ta’minlash orqali gender tenglik va adolat mezoni strategiyasini bevosita qo‘llab-quvvatlaydi.
“Tech4Impact” faoliyati esa O‘zbekiston va Markaziy Osiyoda innovatsiya, axborot texnologiyalari, startap, inson kapitali, yashil texnologiya, yoshlar va ayollar tadbirkorligini rivojlantirishga qaratilgan.
- Bu loyiha orqali biznesni rivojlantirish, tadbirkorlik sir-asrorini mukammal o‘zlashtirish bilan birga, amaliy ko‘nikmaga ham ega bo‘ldim, - deydi “D-Tour” sayyohlik kompaniyasi rahbari, andijonlik Dildoraxon Xudoynazarova. - Ushbu akademiya tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash, o‘zaro tajriba almashish uchun noyob imkoniyat yaratdi. Dastur natijasida Toshkentda qo‘shimcha 2 ta, Andijonda esa 3 ta filial ochish orqali sayyohlik biznesimni yanada kengaytirdim.
Go‘zal Sattorova, O‘zA