Tadbirkor ayollar mintaqada muhim rol o‘ynamoqda
O‘zbekistonda ayollar tadbirkorligini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan e’tibor natijasida ularning soni 200 mingga yaqinlashdi.
Mamlakatning har bir hududida Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda har yili 30 mingga yaqin ayolga tadbirkorlik, kasb-hunarga qayta tayyorlash va ishga joylashish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatiladi.
Ustav kapitali 96 million AQSH dollari bo‘lgan yangi tashkil etilgan Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi doirasida tadbirkor ayollarning loyihalarini imtiyozli kreditlash dasturi ishga tushirildi.
Tadbirkor ayollarimiz milliy iqtisodiyotda muhim rol o‘ynash bilan bir qatorda mintaqada ham o‘ziga yarasha o‘rin egallashga intilmoqda. Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti doirasida ayollar tadbirkorligini rivojlantirishga, o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilayotgan e’tibor bunga yo‘l ochmoqda.
2021 yil 28-30 sentyabr kunlari Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti doirasida B2B uchrashuvlari formatida onlayn tarzda Markaziy Osiyo mamlakatlari tadbirkor ayollari o‘rtasida Kooperatsion birja o‘tkazilayotgani ana shu samarali hamkorlik natijasidir.
Mazkur tadbir BMT Taraqqiyot dastrurining O‘zbekistondagi vakolatxonasi va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda tashkil etildi.
Tadbirning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi, Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti raisi Tanzila Norboyeva va BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska nutq so‘zladi.
Ayollarning biznesdagi o‘rni bugungi kunda yangi bosqichga chiqib, o‘sishda davom etyotgani qayd etildi. bugungi kunda ayollar rahbarlik lavozimlarida bo‘lishi kompaniyalarning iqtisodiy muvaffaqiyatiga, biznesni boshqarishga va uning moliyaviy holatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Kooperatsion birjada Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston tadbirkor ayollari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatish hamda hamkorlik va ishbilarmonlik sheriklikni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.
Markaziy Osiyo ishbilarmon ayollarining B2B uchrashuvlari sanoat, xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi, san’at va hunarmandchilik hamda innovatsion texnologiyalar kabi tematik sessiyalarga bo‘lingan.
Kooperatsion birja davomida Markaziy Osiyo tadbirkor ayollari bo‘lajak sheriklari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatadi. Kelgusidagi ishbilarmonlik bo‘yicha hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qiladi. Bu esa ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish, ikki tomonlama va mintaqaviy formatlarda ishbilarmonlik aloqalarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish bo‘yicha Muloqotning birgalikdagi sa’y-harakatlarini davom ettirishga ko‘maklashadi.
Tadbir yakunlariga ko‘ra, har bir tematik sessiya natijalari sarhisob qilinishi va Markaziy Osiyo tadbirkor ayollari o‘rtasidagi erishilgan kelishuvlar e’lon qilinishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Senat raisi T.Norboyevaning yaqinda Qirg‘izistonga rasmiy tashrifi doirasida “O‘zbekiston va Qirg‘iziston tadbirkor ayollari muloqoti” xalqaro biznes-forumi o‘tkazilgan edi. O‘zbekiston va Qirg‘iziston tadbirkor ayollari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan “B2B” uchrashuvlari ikkala tomon tadbirkorlari uchun juda foydali bo‘lib, muzokaralar yakunida tomonlar o‘rtasida umumiy qiymati 13,2 mln. AQSH dollariga teng bo‘lgan 15 ga yaqin shartnoma va memorandum imzolandi.
N.Abduraimova, O‘zA