Tadbirkor ayol – kelajak bunyodkori
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal Demokratik partiyasi Namangan viloyati Kengashi tomonidan “Bugunning tadbirkor ayoli” loyihasi doirasida To‘raqo‘rg‘on tumanida kasb-hunar maktabi o‘quvchilari uchun viloyatdagi yirik ishlab chiqarish majmualaridan biri – “Runam-teks” xorijiy korxonasiga sayohat tashkil etildi.
Respublikaning kichik biznes va sanoat markazi hisoblangan Namanganda ishbilarmon ayollar safi kun sayin ortib bormoqda. Ular tadbirkorlikni jadal rivojlantirish hamda aholi turmush darajasini yaxshilashga salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda. Mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Runam-teks” xorijiy korxonasi ana shular sirasiga kiradi.

– Korxonamiz maydoni 6 ming 500 kvadrat metrni tashkil etib, 3,7 million dollar to‘g‘ridan- to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb etganmiz, – deydi jamiyat direktori, “Shuhrat” medali va “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni sohibasi Mahfuza Gyumyush. – Hozirgi kunda korxonamizda 500 nafardan ziyod xodim ishlab kelmoqda. Ularning aksariyati xotin-qizlarni tashkil etadi. Xodimlarni tanlashda ularning iqtidori bilan bir qatorda ijtimoiy daftar ro‘yxatlarida turganiga ham e’tibor qaratganmiz. Maqsadimiz ehtiyojmand toifadagi ayollarni moddiy jihatdan muhofaza qilish. Ishchilarimiz uchun ikki mahal issiq ovqat, yana bir qancha munosib ish sharoitlar yaratilgan. O‘rtacha 3-5 million so‘mdan maosh olishadi. Qolaversa, korxonamizda kasb-hunar o‘rganish istagidagi yoshlar uchun ham imkoniyatlar bisyor.

Tadbir davomida O’zLiDeP viloyat va tuman kengashlari xodimlari tomonidan partiyaning yoshlar bandligini ta’minlashga qaratilgan loyihalari haqida batafsil ma’lumot berildi. Xotin-qizlarni ishga joylashtirish, ularga imtiyozli kreditlar ajratish, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida bino qurish uchun yer uchastkasi ajratilishiga yaqindan yordam berish kabi taklif-mulohazalar o‘rtaga tashlandi.
Uchrashuv qatnashchilari faol tadbirkor ayol Mahfuza Gyumyush bilan muloqotda o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi. Shuningdek, tadbir davomida yosh tadbirkorlarni qiynab kelayotgan ayrim muammolar o‘rganilib, maqbul yechimlarini topish, taniqli ishbilarmonlarga “Ustoz-shogird” an’anasi asosida biriktirish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab olindi.


Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri