Tadbir barchada chuqur taassurot qoldirdi
Jizzaxda O‘zbekiston Sudyalari assotsiatsiyasi va viloyat sudi tashabbusi bilan “Uch avlod uchrashuvi”, viloyat sudlari tarixiga bag‘ishlab yozilgan “Jizzax viloyat sudlari: tarix, taraqqiyot, bugun” nomli hamda Sudyalar assotsiatsiyasi raisi Ubaydulla Mingboyevning “Poklanish pallasi” nomli kitoblarining taqdimoti o‘tkazildi.
Tadbirda viloyat sudi raisi Akram Shukurov so‘zga chiqib, Ubaydulla Mingboyevning hayot yo‘li, ibratli faoliyati, orttirgan boy tajribasi barcha sudyalar uchun ibrat maktabi ekanligini alohida ta’kidladi.
Uchrashuvda Sudyalar assotsiatsiyasi raisi Ubaydulla Mingboyev sudya o‘z xatti-harakatlari bilan boshqalarga o‘rnak bo‘lishi, shu orqali fuqarolarda sudga, sudyaga nisbatan hurmat hissini uyg‘ota olishi lozimligini aytdi.
Sud faxriylari Savronbek Tursunov hamda Mitanboy Ravshanovlar ham ko‘p yillik faoliyati mobaynida orttirgan tajribalarini yig‘ilgan o‘quvchi- yoshlarga so‘zlab berdi.
Jizzax viloyat sudining sudyasi Sirojiddin Quvvatov ushbu “Poklanish pallasi” nomli kitobning ahamiyati haqida gapirib, unda farzand tarbiyasi, insonning axloqiy qarashlari, davlat va jamiyatda yuz berayotgan yangilanishlarga bo‘lgan munosabat, daxldorlik hissi va huquqiy davlatning muhim shartlaridan biri bo‘lgan qonun ustuvorligiga oid fikrlar aks etganligini ta’kidladi.
[gallery-20173]
“Jizzax viloyat sudlari: tarix, taraqqiyot, bugun” nomli kitobning taqdimotida viloyat sudining sudyasi Shuhrat Xudoyorov mazkur kitobning mazmun-mohiyati, viloyat sudlarining o‘tgan yillar davomidagi tarixiga muhrlangan voqeliklar, taraqqiyot pillapoyalari va buguni kitobxonlarga manzur bo‘lishi to‘g‘risida gapirdi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari