“Tabiatshunos kitobxon” aksiyasi
Sirdaryo viloyatida “Kitobxonlik haftaligi” doirasida yoshlarning ekologik madaniyatini yuksaltirish, ularda tabiatga ehtiyotkor munosabatni shakllantirish hamda mutolaaga qiziqishni oshirishga qaratilgan tadbir tashkil etildi.
Viloyat axborot-kutubxona markazi va O‘zbekiston Ekologik partiyasi Sirdaryo viloyat kengashi hamkorligida o‘tkazilgan “Tabiat qo‘ynida kitob mutolaasi” loyihasi doirasidagi “Tabiatshunos kitobxon” aksiyasiga turli hududlardan faol yoshlar, o‘quvchilar va kutubxona foydalanuvchilari jalb etildi.

Aksiya ikki bosqichda bo‘lib o‘tdi. Birinchi bosqichda ishtirokchilar ekologiya va tabiatshunoslikka oid savollarga javob berib, o‘z bilim darajasini namoyon etdilar. Savollar atrof-muhitni muhofaza qilish, bioxilma-xillikni saqlash va tabiiy resurslardan samarali foydalanish kabi yo‘nalishlarni qamrab oldi.

Ikkinchi bosqichda “Bir qarashda tanib ol!” interaktiv o‘yini tashkil etildi. Unda ishtirokchilarga o‘simliklar va tabiat manzaralari tasvirlari taqdim etilib, ularni aniqlash, xususiyatlarini belgilash vazifasi qo‘yildi. Bu esa ishtirokchilarning tezkor fikrlashi va tahlil qilish ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazdi.

– Aksiyadan ko‘zlangan maqsad — yoshlarda ekologik ongni mustahkamlash va ularni tabiatni asrashga undash. Shu bilan birga, mutolaaning ahamiyatini keng targ‘ib qilishga e’tibor qaratildi, – deydi O‘zbekiston Ekologik partiyasi Sirdaryo viloyat kengashi xodimi Nargiza Shaydullayeva.

Tadbir doirasida o‘tkazilgan ochiq muloqotda hududdagi ekologik holat, atrof-muhitni muhofaza qilish va yoshlar o‘rtasida ekologik mas’uliyatni oshirish masalalari muhokama qilindi. Ishtirokchilar o‘z fikr va takliflari bilan faol qatnashdilar.
Tadbir yakunida eng faol ishtirokchilar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri