Tabiatni asrash har birimizning burchimiz
Tabiat resurslari vazirligi Toshkent viloyati boshqarmasi va hududiy bo‘limlari tomonidan o‘tgan yil joylarda aniqlangan 4 ming 217 ta huquqbuzarlik holatlariga nisbatan 2 milliard 208 million 365 ming so‘m jarima qo‘llanilgan. Shundan 3 ming 555 ta holatda 1 milliard 327 million 865 ming so‘m davlat hisobiga undirilgan.
O‘z navbatida o‘simlik dunyosi bo‘yicha jami 292 holat, hayvonot dunyosiga yetkazilgan zarar bo‘yicha 77 holat aniqlangan. Misol uchun, Yangiyo‘l tumani “Xalqabod” MFY hududidan oqib o‘tuvchi “Bo‘zsuv” kanalida bir guruh shaxslar ishtirokida noqonuniy ov quroli (Qo‘l bola usulida yasalgan kuchli tok chiqaruvchi elektr qarmoq) yordamida baliq ovlayotgani oqibatida 100 million so‘mga yaqin miqdorda tabiatga zarar keltirilgan.

Mazkur holat yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtirilib, O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasiga to‘plangan hujjatlar taqdim etilgan. Dastlabki surishtiruvlardan so‘ng 2022 yil 28 iyul kuni Jinoiy ishlar bo‘yicha Yangiyo‘l tumani sudi tomonidan fuqarolarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Shu bilan bir qatorda, chiqindilar bilan bog‘lik ishlar, suv, yer resurslari va yer osti boyliklarini muhofaza qilish borasida ham ko‘plab qonun buzarliklar fosh etildi. Shu kunlarda ham yuqoridagi kabi ishlarning oldini olish maqsadida hududlarda uzluksiz nazorat tadbirlari va reydlar o‘tkazilmoqda. Fuqarolarning ekologik madaniyatini oshirishga qaratilgan targ‘ibot va tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
A. Musayev, O‘zA.