Tabiatni asrash barchamizning burchimiz
Tabiatga nisbatan ko‘pincha ona so‘zini ishlatamiz. Bu bejizga emas, albatta. Tabiatdagi o‘simlik va hayvonot dunyosi olam yaralgandan beri mavjud bo‘lib, insoniyat ehtiyoji uchun xizmat kelib keladi. Shu jihatdan uni ona kabi ardoqlash va kelajak avlodga sofligicha qoldirmoq kerak. Bu borada har birimiz tabiat uchun kuyunchak bo‘lmog‘imiz, qonunbuzarlik holatlariga yo‘l qo‘ymasligimiz lozim.
Birgina Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘i hududida tabiatni qo‘riqlash inspektorlari tomonidan o‘tgan yilda jami 288 ta qonunbuzarlik holatlari aniqlangan. Shulardan o‘simlik dunyosi bo‘yicha 275 ta, ovchilik bo‘yicha 5 ta, milliy bog‘ rejimini buzish bo‘yicha 8 ta holat aniqlangan. O‘z navbatida aybdorlarga nisbatan salkam 150 million so‘m jarima chorasi qo‘llanilgan.

Albatta, bu juda katta mablag‘. Biroq ko‘rsatilgan raqamlardan tabiatga qancha zarar keltirganini anglab olish qiyin emas. Birgina o‘simlik dunyosi bo‘yicha aniqlangan qonunbuzarliklar asosan “Qizil kitob”ga kiritilgan noyob turlarni yo‘q qilish, daraxtlarni noqonuniy kesish, chorva mollarini qarovsiz holda tabiatga qo‘yib yuborishdan iboratdir.

Milliy bog‘ hududida 1 ming 800 ga yaqin o‘simlik turlari bor. Ulardan 66 turi “Qizil kitobi”ga kiritilgan. Shu jumladan, 8 tur lola, O‘rta Osiyo noki, Abolin astragali, Eremuruslar, Boshqizilsoy gerani, yovvoyi sallagul va boshqalar.

Tabiat bog‘i xodimlari tomonidan aholi o‘rtasida va maktablarda tabiatni muhofaza qilish va asrash bo‘yicha targ‘ibot va tashviqot ishlari olib borilmoqda. Ammo, shu ishlarga qaramay aholi tomonidan lola o‘simligi va boshqa gullarni terib sotish holatlari uchramoqda. Mutaxassislarning aytishicha, hozir hududda hayvonot dunyosining 230 ga yaqin turlari mavjud bo‘lib, shundan 48 turi O‘zbekiston va Xalqaro “Qizil kitob”lariga kiritilgan. Shu jumladan, qor qoploni, oq tirnoqli Tyan-Shan qo‘ng‘ir ayig‘i, Menzbira sug‘uri, Turkiston silovsini, kichik taka-burun, lochin va qumoy qushlari, Chotqol shayton-balig‘i, Turkiston laqqasi, ko‘lja arvoh kapalagi va boshqalardir.


– O‘tkazilayotgan nazorat reydlarida mavjud muammolar bartaraf etilmoqda. O‘rmonzorlarimiz va ular hududida yetishtirilayotgan shifobaxsh giyohlar va biologik muvozanatni saqlash, yovvoyi va ov hayvonlarini asrash faqatgina o‘rmonchilarning vazifasi bo‘lib qolmaydi. Bu aslida tabiatni qo‘riqlash inspektorlari, keng jamoatchilik va tabiatni sevuvchi har bir fuqaroning ham doimiy burchi bo‘lib qolishi lozim, – deydi Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘i bosh mutaxassisi Xurshid Hayitov.
A.Musayev, O‘zA