Tabiatga zarar yetkazgan fuqarolar jarima to‘ladi
Navoiy viloyati Ekologiya boshqarmasi va uning tuman bo‘limlari tomonidan muntazam ravishda nazorat reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Tomdi tumani Ekologiya bo‘limi davlat inspektorlari tomonidan “Ayaquduq” OFY ning cho‘l hududida o‘tkazilgan navbatdagi nazorat reyd tadbirida fuqarolar G.U., T.N. hamda K.F.lar tomonidan noqonuniy ravishda qum-shag‘al qazilayotgani aniqlangan. Ushbu holat yuzasidan fuqarolarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning tegishli moddasi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 9 million 900 ming so‘m miqdorida jarima hamda 27 million 750 ming so‘m tabiatga yetkazilgan zarar hisoblandi.

Shuningdek, Xatirchi tumani Ekologiya bo‘limi davlat inspektorlari tomonidan “Tinchlik” mahallasining cho‘l hududida nazorat reyd tadbiri o‘tkazildi. Reyd tadbiri davomida fuqaro X.L. tomonidan o‘z boshqaruvida bo‘lgan ekskavator yordamida noqonuniy ravishda qum-shag‘al aralashmasini o‘z maqsadi uchun kovlab olayotgani aniqlandi. Ushbu holat yuzasidan fuqaroga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 3 million 300 ming so‘m miqdorida jarima belgilandi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri