Tabiat yaratgan san’at asari
Sayohat manzillari
Qashqadaryo viloyati Qamashi tumani Langar qishlog‘i haqida ko‘pchilik eshitgan. Qishloqdagi Langar ota ziyoratgohi hamisha ziyoratchilar bilan gavjum.
Aslida qishloqqa bizni boshlab borgan masala ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Langar qishlog‘i tepasidagi tog‘da muzlagan sharshara surati bo‘ldi.
Erta tongdan qishloqqa yetib bordik. Sharshara suratini olgan chavandoz yigitni ham topdik va o‘sha yerga bizni ham olib borishini iltimos qildik. Tog‘li qishloq yigitlari samimiy va bir so‘zli bo‘ladi. Ismini Do‘stmuhammad deya tanishtirgan bu yigit birpasda uloq- ko‘pkari musobaqalariga chopadigan ikkita Spartak va Yalta laqabli otlarni shaylab qo‘ydi. Bizni otlarga mindirib, o‘zlari eshakda galma-galdan minib, yo‘l boshlab bordi.
Toqqa qarab ko‘tarila boshladik. Langar qishlog‘i kaftdek bo‘lib ko‘rindi. Boradigan manzilimiz taxminan 5,5 kilometr uzoqlikda ekan. Yo‘l-yo‘lakay hamrohlar bilan suhbatlashib ketdik.
– Qishlog‘imiz tog‘lar orasida joylashgan bo‘lib, qishi va bahori juda ajoyib bo‘ladi, – deydi Do‘stmuhammad To‘xtayev. – Odamlarimiz asosan chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Men esa otchilikka ham qiziqaman. Atrofdagi birorta ko‘pkari musobaqasini qoldirmayman. Chopadigan otlar yetishtiraman. O‘sha sharsharani ham otimni sovitishga minib yurganimda ko‘rib qolgandim.
[gallery-22113]
Borgan sayin qor sathi ko‘tarilib boradi, archazorlar qalinlashadi. Lekin Spartak va Yalta yo‘lni pisand qilmaydi. Ildam yuradi. Qorda qolgan tulki, bo‘ri, chiyabo‘ri va quyon izlari o‘rmon hayvonot dunyosiga boy ekanligini anglatadi.
Yozi quruq bo‘ladigan bu tog‘larda odamlar chorvadan tashqari lalmi dehqonchilik ham qiladi. Arpa, bug‘doy, no‘xat yetishtiradi.
Nihoyat o‘sha sharshara deb nomlanayotgan muzqoyaga yetib keldik. Qoyalarga taxminan yuz metrlar qolganda otlardan tushdik. U yog‘iga piyoda harakatlandik. Tik nishab tog‘ yonbag‘ridan harakatlanamiz. Qalin qor tizzaga keladi. Ostida nima borligini payqash qiyin. Lekin muzqoyaga boqar ekansiz, qiyinchiligu mashaqqatlarning barchasi yoddan ko‘tariladi.
Ushbu muzqoya bahor nafasi esib yurgan ayni kezlarda qishning bahorga o‘rnini bo‘shatgisi kelmay, oxirgi chiranishlarini eslatadi go‘yo.
Aslida bu muzqoya shu yerdan aholining ichimlik suvi uchun o‘tgan quvurning yorilishi va unda suvning bosim bilan otilib chiqishi, shu yerdagi ikki tup zarafshon archasiga tegishi va sovuq havoda uning muzlashi natijasida yuzaga kelgan. U yerda hech qanday sharshara yoki buloq suvi yo‘q. Suv sachrashda davom etavergan, muzlar esa qalinlashib boravergan, oqibatda o‘zgacha husnga ega muzqoya hosil bo‘lgan.
Tabiat atalmish buyuk haykaltarosh uni shu qadar mohirlik bilan yaratganki, uzoqroqdan boqilsa, uzun sochlarini orqaga tashlagan qizning boshini orqaga tashlab turganini eslatib yuboradi.
– Bunaqa tabiat hodisasi ilk marta kuzatilishi, –deydi hamrohlarimizdan biri Arslon Qayumov. – Bu yilning yaxshi kelganidan darak. Bu tog‘larga o‘tgan yillar davomida bunday qalinlikda qor yog‘magandi. Bu yil anchagina qalin tushdi. Sovuq ham yaxshi bo‘ldi. Albatta, bu muzqoya bir ko‘rishda kishini hayratga soladigan ko‘rinish olgan. Lekin hademay kunlar isib ketsa, u erib ketadi, afsuski. Hozircha barchaga xush kayfiyat ulashib turibdi.
Biz ham zavq-shavqqa to‘lib, muzqoyaning go‘zalligiyu ajoyibotlarini tasvirlarga imkon qadar muhrlashga harakat qildik. Keling, bu yog‘ini tasvir va suratlar gapirsin.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/gBXcFj7o_jg?si=aO4bhsvwSb-OdZ1t" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat),
O‘zA muxbirlari