Tabiat va an’analar uyg‘unligi olimlar muhokamasida
Samarqand shahridagi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida “Ipak yo‘li madaniyati va ekologiyasi: tabiat va an’analar o‘zaro bog‘liqligini o‘rganish” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman boshlandi.
Anjuman Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi turizm qo‘mitasi, “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti hamda “Science and Innovation” xalqaro ilmiy jurnali hamkorligida tashkil etildi.
Konferensiya avvalida Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov, Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi direktori Ma’sud Samiboyev, Samarqand arxeologiya instituti direktori Mo‘minxon Saidov va boshqalar mazkur xalqaro anjumanning maqsadi, undan kutilayotgan natijalar, ko‘tarilayotgan masalalar bugungi kunda atrof-muhit muhofazasini ta’minlashda alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
– Asosiy maqsad ilmiy hamjamiyatni birlashtirish, hududlarning madaniy merosi, ekologik muhit va an’anaviy turmush tarzi o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni o‘rganish, shuningdek, ushbu yo‘nalishdagi dolzarb muammolar va istiqbollarni muhokama qilishdan iborat, – deydi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti rektori Muhsin Xolmuhamedov. – Bu orqali Ipak yo‘li hududlarining ekologik barqarorligini ta’minlash, madaniy an’analarni asrab-avaylash hamda ularni zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi. Mavjud muammolar, kamchiliklarning yechimi yuzasidan ilmiy asoslar yaratilib, an’analar bardavomligi ta’minlanadi.
Anjuman “Ipak yo‘li madaniy merosi va ekologik tafakkur integratsiyasi”, “Barqaror rivojlanish, ekoturizm va madaniy turizm uyg‘unligi”, “Ekologik ta’lim, innovatsiyalar va zamonaviy texnologiyalar” hamda “Madaniy diplomatiya va ekologik hamkorlik: Ipak yo‘li tajribasi” mavzuidagi sessiyalarda o‘z ishini davom ettirdi. Har bir yo‘nalishda ilmiy-amaliy ma’ruzalar tinglanib, o‘zaro tajriba almashinuvlari amalga oshirilmoqda. Qizg‘in muhokamalar davomida ishtirokchilar muzeyshunoslik sohasini rivojlantirish, muzeylarni boshqarish tizimini takomillashtirish, madaniy merosni asrab-avaylash hamda uni keng ommaga yetkazish masalalari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalari va takliflarini bildirdi.
– Ipak yo‘li madaniyati va ekologiyasi bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri, – deydi Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat san’at muzeyi katta ilmiy xodimi Gulmira Serekeyeva. – Ipak yo‘lida joylashgan xalqlar madaniyatini asrash, ularni o‘rganish va kelajak avlodga yetkazish masalasi bugungi globallashuv jarayonida juda muhim masalaga aylanib bormoqda. Shuningdek, ushbu yo‘nalishning ekologik holati ko‘pchilikni o‘yga solayotgan muammolardan. Shu bois anjumanda Ipak yo‘li atrofida joylashgan xalqlarning madaniyati, an’analari va ekologiyasiga bag‘ishlangan tasviriy va amaliy san’at asarlarining muzeylar orqali targ‘ib qilinishiga qaratilgan ma’ruzam bilan qatnashyapman.
Anjuman doirasida “Milliy qadriyatlar – Ipak yo‘li karvonida” nomli tasviriy va amaliy san’at ko‘rgazmasi namoyish etildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),O‘zA muxbirlari