Suvning narxi: bir kub metr ortida qanday xarajatlar bor?
Ichimlik suvi – inson hayoti uchun eng zarur ne’matlardan biri. Ammo uning xonadongacha yetib kelishi ortida qancha mehnat, energiya va mablag‘ sarflanishini ko‘pchilik o‘ylab ham ko‘rmaydi. Suv manbasidan iste’molchigacha bo‘lgan masofa, nasos stansiyalari, minglab kilometr quvurlar, ularni ta’mirlash va yangilash zarurati bularning barchasi ichimlik suvi ta’minoti tizimining ajralmas qismi.
Shu bois suv tarifi faqat bir kub metr ichimlik suvi uchun belgilangan to‘lov emas. U, avvalo, aholiga uzluksiz va sifatli xizmat ko‘rsatish, mavjud infratuzilmani saqlash hamda uni rivojlantirish imkoniyatlarini belgilaydigan iqtisodiy omildir.
Bugun sohada aynan shu masala – tariflarning shakllanishi, hududlar o‘rtasidagi narx tafovuti, mavjud muammolar va kelgusi rejalar jamoatchilik e’tiborida. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazida o‘tkazilgan matbuot anjumanida “O‘zsuvta’minot” AJ rahbariyati va soha mutaxassislari atroflicha ma’lumot berdi. Unda jurnalist va blogerlar ham ishtirok etib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Narxlar tafovutining sababi nimada?
Respublika bo‘yicha ichimlik suvi tariflariga nazar tashlasak, hududlar o‘rtasida sezilarli farq bor. Masalan, Toshkent shahrida aholi uchun bir kub metr suv 1 ming 400 so‘m bo‘lsa, Surxondaryo viloyatida bu ko‘rsatkich 6 ming 800 so‘mni tashkil etadi. Xo‘sh, nima uchun bir mamlakatning o‘zida suv narxi bunchalik farq qiladi?
Buning asosiy sababi hududlarning tabiiy-geografik sharoiti va suvni iste’molchiga yetkazib berish xarajatlari bilan bog‘liq. Ayrim joylarda suv manbalari aholiga yaqin bo‘lsa, boshqa hududlarda uni yuzlab kilometr masofadan olib kelishga to‘g‘ri keladi.
Masalan, Qoraqalpog‘iston Respublikasiga ichimlik suvi Tuyamo‘yin suv omboridan, Samarqand, Buxoro va Navoiy viloyatlariga esa “Damxo‘ja” suv inshootidan yetkazib beriladi. Qashqadaryo viloyatining ayrim hududlarida ham suv 150-200 kilometrgacha bo‘lgan magistral quvurlar orqali uzatiladi.
Bunda masofaning uzoqligi bilan birga, suvni nasoslar yordamida ko‘tarish, elektr energiyasi sarfi va quvurlarning texnik holatini saqlash xarajatlari ham ortib boradi. Aholi zichligi ham muhim: shaharda bir kilometr tarmoq yuzlab xonadonga xizmat ko‘rsatsa, aholi siyrak joylashgan qishloqlarda bu ko‘rsatkich ancha past bo‘lishi mumkin.
Demak, tariflar o‘rtasidagi farq shunchaki narx belgilashdagi tafovut emas, balki suvni olishdan tortib iste’molchiga yetkazib berishgacha bo‘lgan jarayondagi xarajatlar natijasidir.
Bir kub metr suv tannarxida nimalar bor?
“O‘zsuvta’minot” AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Islom Abdullayev sohaga oid ma’lumotlarni taqdim etar ekan, tariflarning shakllanishida elektr energiyasi, ish haqi, tarmoqlarni ta’mirlash va xalqaro moliya institutlaridan jalb qilingan kreditlar bo‘yicha majburiyatlar muhim o‘rin tutishini qayd etdi.
Xususan, bir kub metr ichimlik suvi tannarxida ish haqi xarajatlari 29 foizni, elektr energiyasi 27 foizni, kreditlarni qaytarish 15 foizni, joriy va mukammal ta’mirlash 10 foizni, amortizatsiya hamda boshqa xarajatlar 19 foizni tashkil etadi.
Keltirilgan raqamlardan ko‘rinib turibdiki, elektr energiyasi suv ta’minoti tizimidagi eng yirik xarajatlardan biri. Shuning uchun ham uning narxidagi har qanday o‘zgarish suvni yetkazib berish tannarxiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Jumladan, elektr energiyasi narxi 2023-yil 1-oktabrda bir kilovatt-soat uchun 450 so‘mdan 900 so‘mga, 2025-yil 1-maydan 1 ming so‘mga, 2026-yil 1-iyundan esa 1 ming 100 so‘mga oshirildi. Natijada uch yil davomida ushbu xarajat 2,4 barobar ko‘paydi.
Buning ustiga, suv tarmoqlarining bir qismi eskirgani sababli ularni ta’mirlash, avariyalarni bartaraf etish va yangi inshootlarni ishchi holatda saqlash uchun ham katta mablag‘ talab etiladi. Xalqaro moliya institutlari ishtirokida amalga oshirilgan loyihalar bo‘yicha kreditlarni qaytarish majburiyatlari ham tizimning moliyaviy yukini oshirmoqda.
Raqamlar nimani anglatadi?
Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, respublika bo‘yicha aholi uchun ichimlik suvining o‘rtacha tarifi bir kub metr uchun 3 ming 765 so‘mni, qo‘shilgan qiymat solig‘i bilan 4 ming 217 so‘mni tashkil etadi. Oqova suv xizmatining o‘rtacha tarifi esa 2 ming 8 so‘m.
Tariflarni oddiy misol bilan ham tushuntirish mumkin. Toshkent shahrida bir litr vodoprovod suvi iste’molchiga atigi 1 so‘m 40 tiyinga tushadi. Do‘konlarda esa bir litr qadoqlangan suvning o‘rtacha narxi 4 ming so‘m atrofida. Demak, shu mablag‘ga poytaxtda qariyb 2 ming 860 litr vodoprovod suvi yetkazib berish mumkin.
Bu taqqoslash suv ta’minoti xizmatining aholi uchun qanchalik arzon ekanini ko‘rsatadi. Biroq masalaning ikkinchi tomoni ham bor: tariflar suvni yetkazib berish, tarmoqlarni saqlash va ta’mirlash xarajatlarini qoplashi lozim. Aks holda, korxonalarning mavjud infratuzilmani yangilash imkoniyati cheklanadi.
Shu sababli tariflarni qayta ko‘rib chiqish zarurati yuzaga kelmoqda. 2026-yil 1-iyunda elektr energiyasi narxi oshirilganidan keyin hududiy korxonalar tomonidan yangi takliflar kiritildi. 27-oktabr holatiga ko‘ra, oltita korxonada tariflar tasdiqlangan, yana o‘ntasida jarayon davom etmoqda.
Jumladan, Andijonda aholi uchun ichimlik suvi tarifi 1 ming 650 so‘mdan 2 ming 500 so‘mga, Navoiyda 3 ming 500 so‘mdan 4 ming 200 so‘mga, Samarqandda 2 ming 800 so‘mdan 3 ming 600 so‘mga, Surxondaryoda 5 ming 300 so‘mdan 6 ming 800 so‘mga, Toshkent viloyatida 2 ming 600 so‘mdan 3 ming 100 so‘mga o‘zgargan.
Shu bilan birga, tariflarni qayta ko‘rib chiqish jarayonining kechikishi ham tizim uchun qo‘shimcha muammolarni keltirib chiqarmoqda. Chunki elektr energiyasi va boshqa resurslar narxi oshgan sharoitda avvalgi tariflar bo‘yicha ishlash korxonalarning qo‘shimcha xarajatlarini qoplash imkoniyatini cheklaydi.
Qarzdorlik – umumiy mas’uliyat masalasi
Suv ta’minoti tizimining barqaror ishlashi nafaqat iqtisodiy asoslangan tariflarga, balki iste’molchilarning to‘lov intizomiga ham bog‘liq. Zero, tushumlar o‘z vaqtida kelib tushmasa, korxonalarning elektr energiyasi uchun hisob-kitob qilishi, tarmoqlarni ta’mirlashi va xizmatlar sifatini yaxshilashi qiyinlashadi.
2026-yil 1-oktabr holatiga “O‘zsuvta’minot” AJ tizimida iste’molchilarning jami qarzdorligi 542,6 milliard so‘mni tashkil etgan. Uning 430,7 milliard so‘mi aholi, 111,8 milliard so‘mi yuridik iste’molchilar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Bu raqamlar to‘lov intizomini oshirish qanchalik muhimligini ko‘rsatadi. Qarzdorlikni kamaytirish maqsadida iste’molchilar bilan manzilli ish olib borilmoqda, to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha tushuntirish ishlari kuchaytirilmoqda.
2027-yil 1-yanvardan qarzdorlikni undirish tartibida ham o‘zgarishlar joriy etilishi belgilangan. Yangi mexanizmga ko‘ra, qarzdorlik miqdori bazaviy hisoblash miqdorining ming baravarigacha bo‘lsa, notarial tartibda, undan ortiq bo‘lganda esa sud orqali undiriladi. Belgilangan tartibda ijro hujjati rasmiylashtirilgandan keyin ham majburiyat bajarilmasa, qonunchilikda nazarda tutilgan choralar ko‘riladi.
Bunda Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan oilalarga mazkur tartib qo‘llanilmasligi ham muhim jihatdir.
Yangi yondashuv va kelgusi vazifalar
Sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etish, tariflarni belgilash jarayonini takomillashtirish va korxonalarning moliyaviy barqarorligini ta’minlash maqsadida yangi tizimga o‘tilmoqda.
Xususan, Prezidentning 2026-yil iyul oyidagi PF-140-son farmoniga muvofiq, 2027-yil 1-yanvardan ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlari tariflarini tasdiqlash vakolati Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasiga o‘tkaziladi. Bu orqali tariflarni alohida hududlar kesimida emas, yagona iqtisodiy mezonlar asosida ko‘rib chiqish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 2027-yil 1-apreldan byudjet tashkilotlari uchun yagona tarif joriy etiladi.
Yangi yondashuv, avvalo, resurslar narxi o‘zgarganda tariflarni o‘z vaqtida qayta ko‘rib chiqish, korxonalarning qo‘shimcha xarajatlarini kamaytirish va mablag‘larni tarmoqlarni ta’mirlash hamda modernizatsiya qilishga yo‘naltirish imkonini berishi kutilmoqda.
Zero, suv ta’minoti sohasidagi har bir o‘zgarishning yakuniy maqsadi aholiga sifatli, xavfsiz va uzluksiz xizmat ko‘rsatishdir. Bu esa nafaqat soha korxonalari, balki har bir iste’molchining ham mas’uliyatini talab etadi.
Tadbir yakunida jurnalist va blogerlar soha mutaxassislariga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildi. Tariflarning shakllanishi, hududlardagi narxlar tafovuti, qarzdorlik va kelgusidagi o‘zgarishlar yuzasidan berilgan savollarga atroflicha javob qaytarildi.
Aslida, suvning qadri uning narxi bilangina o‘lchanmaydi. Uni asrash, isrof qilmaslik, ko‘rsatilgan xizmat uchun o‘z vaqtida haq to‘lash va soha barqarorligiga mas’uliyat bilan yondashish ham umumiy vazifamizdir. Zero, bugungi tejamkorlik va to‘lov intizomi ertangi kunning ishonchli suv ta’minoti uchun xizmat qiladi.
[gallery-32283]
Nilufar Bozorova, O‘zA