Suvdan samarasiz foydalanganlarga chora ko‘rildi
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirining o‘rinbosarlari, vazirlik boshqarma boshliqlari, rahbar va yetakchi mutaxassislardan iborat ishchi guruhlar tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlarida sug‘orish tadbirlari tashkil etish jarayonida ayrim suv iste’molchilarining ichki suv tarmoqlari va dalalarini sho‘r yuvishga talab darajasida tayyorlamagan holatlar aniqlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Beruniy tumani “Beruniy” g‘alla klasteri, “Sarvar Nasl chorvasi”, “Nuriddin Jumagul”, “Rahim bobo” fermer xo‘jaliklarida dalada chel olinmagan yoki suv qarovsiz qoldirgan.

Shuningdek, Chimboy tumanida “Gayrat Galыmbay”, “Reyimbergen Baltabay”, “Kamыs-arыk Agro” fermer xo‘jaliklarida ichki tarmoqlar tozalanmasdan me’yoridan ortiqcha suv olinib, sug‘orish ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu tumanlardagi fermer xo‘jalik rahbarlariga hamda suvchi xodimlariga tegishli tushuntirish, topshiriqlar va ko‘rsatmalar berildi. Bu kabi misollarni deyarli barcha tumanlardan keltirish mumkin.
Mavjud holat yuzasidan vazir o‘rinbosari R.Qarshiyev hududlarda suvdan samarali foydalanishni tashkil qilmagan va suvning hisobini yuritishga mas’uliyatsiz qaragani uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining bosh dispetcheriga hayfsan berilgani, navbatchi dispetcher hamda Chimboy TIB rahbari egallab turgan lavozimidan ozod etilganini ma’lum qildi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1 mart holatiga jami 48 ming 963 gektar yerda sho‘r yuvish, 25 ming 593 gektar g‘alla, 40 ming 465 gektar tomorqa va boshqa maydonlarda sug‘orish ishlari olib borilgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA