Suv xo‘jaligining uzoq muddatli strategiyasi ishlab chiqiladi (+video)
O‘zbekiston Respublikasi suv resurslaridan foydalanish va uni muhofaza qilishning 2027-2050 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi loyihasini ishlab chiqish belgilangan bo‘lib, uni M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti akademigi, iqtisod fanlari doktori, Rossiya Fanlar akademiyasi a’zosi Vladimir Kvint boshchiligidagi olimlar bilan birgalikda yaratish rejalashtirilmoqda.
Strategiya loyihasini ishlab chiqishga tayyorgarlik ko‘rish doirasida Suv xo‘jaligi vazirligida soha olimlari ishtirokida o‘quv-trening o‘tkazildi. Tadbirda Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimlari, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi vakillari va mutaxassislar, tadqiqotchilar va suv xo‘jaligi sohasida loyihalarni amalga oshirayotgan xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etdi.
- Strategiyani ishlab chiqishdan asosiy maqsad O‘zbekistonda suv xo‘jaligini rivojlantirishning yaqin va uzoq kelajak uchun mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejalari belgilab olinadi, - deydi Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti direktori Abduvohid O‘rozgeldiyev. - Bunda eng asosiy masala suv resurslaridan foydalanish masalalari, iqlim o‘zgarishlari sharoitida suv resurslaridan foydalanishni takomillashtirish, resurs tejamkor texnologiyalarni joriy qilish,kanallarda bo‘layotgan suv yo‘qotishlarini kamaytirish masalasi turibdi. Shuningdek, raqamlashtirish eng asosiy masalalardan biri.
Tadbirda “O‘zbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2025 — 2028 yillarga mo‘ljallangan dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Prezident qarorida soha oldidagi to‘rt yillik muhim ko‘rsatkichlar, shu bilan birga bajariladigan tadbirlarga to‘xtalib o‘tildi hamda uni moliyalashtirish manbaalari aniq belgilangani aytib o‘tildi. Ta’kidlandiki, yaqin yillar ichida mazkur dastur asosida irrigatsiya tarmoqlarining 2551 km qismini rekonstruksiya qilish, ushbu maqsadlar uchun har yili davlat byudjetidan kamida 1.3 trln so‘m ajratish va xalqaro moliya institutlari mablag‘laridan 300 mln AQSH dollarini o‘zlashtirish ko‘zda tutilgan. Natijada Suv xo‘jaligi vazirligi balansidagi nasos stansiyalarining eskirgan 562 ta nasoslari va 578 ta elektr dvigatellari zamonaviy energiya tejamkorlariga almashtiriladi, ularning yillik elektr energiyasi sarfi 600 million kVt/soatgacha kamaytiriladi. Suv ta’minoti darajasi past bo‘lgan sug‘oriladigan maydonlar hajmini 424 ming gektardan 276 ming gektargacha qisqartirishga erishiladi. 2025 yilda tajriba tariqasida Suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi 15 ta nasos stansiyasida muqobil energiya manbalari hamda energiya tejamkor qurilmalarni o‘rnatish bo‘yicha loyihalar amalga oshiriladi.
Akademik V.L.Kvint va rossiyalik olimlar Strategik rejalashtirish, uning ahamiyati, strategiyalashtirish metodologiyasi, suv xo‘jaligini uzoq muddatli rejalashtirishda e’tibor qaratiladigan jihatlar haqida taqdimotlar qilishdi. Tadbir jonli muloqot tarzida bo‘lib o‘tdi. Mehmonlar shuningdek Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriyalari, “Suvchilar maktabi” faoliyati bilan tanishdi va “Suvchilar bog‘i”ga daraxt ko‘chati o‘tqazishdi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/KM3EqarhK2w" title="Suv xo‘jaligining uzoq muddatli strategiyasi ishlab chiqiladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe> SanjarToshpo‘latov, Yoqubjon Meliboyev,
Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA