Suv tejamkor texnologiyalarga talab katta
Buxorolik dehqonlar qishloq xo‘jaligida orttirilgan tajribadan foydalanib, plyonka ostiga urug‘ qadab, uni tomchilatib sug‘orishga ham moslashtirmoqda. Murakkab iqlim sharoitida hosil yetishtirishda suv tejamkor texnologiyalardan foydalanish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Germaniya, Turkiya va Xitoydan olib kelinayotgan zamonaviy texnologiyalar yordamida bugun Qorako‘l, Peshku, G‘ijduvon, Vobkent tumanlarida tomchilatib sug‘orish uchun zarur rezina yoki polietilen uskunalar mahalliy sharoitda ishlab chiqarilayotgani bu boradagi talab va ehtiyojni qoplashga xizmat qilmoqda.
Qishloq xo‘jaligiga yangicha yondashuv bugun mahsulot yetishtirish va hosildorlikni oshirishga, suv sarfini iqtisod qilgan holda yalpi ekin maydonini sug‘orish va ko‘zlangan hosil olish, shu bilan sifat ko‘rsatkichlarining yaxshilanishiga, asosiysi, polietilen quvur va agregatlarni ishlab chiqarishga ham imkon bermoqda.

Mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Buxoro Agrocluster” paxta-to‘qimachilik klasterining Vobkent tumani, “Rabotoxun” mahalla fuqarolar yig‘inidagi korxonaga tegishli “Buxoro Agromarkaz”da ham tomchilatib sug‘orish anjomlari ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi amalga oshirilmoqda.
– “Buxoro Agrocluster” paxta-to‘qimachilik klasteri ta’sischiligidagi, umumiy qiymati 2,5 million AQSH dollariga moliyalashtirilgan mazkur loyiha amaliyotini 2021 yil dekabridan boshlaganmiz, – deydi “AGROTEXNOLOGY” MCHJ raisi Abdulla Navro‘zov. – Bu ishda bizni moddiy qo‘llab-quvvatlagan “Agrobank” tuman filialidan 250 ming AQSH dollari miqdoridagi kredit mablag‘ini rasmiylashtirib, Xitoydan maxsus texnologiya xarid qildik. Hozirda ekin yerini tomchilatib sug‘orish uskunalari asosida jihozlayotgan fermer xo‘jaliklari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Dastlab o‘nga yaqin ishchi bilan faoliyatini boshlagan sex jamoasi bugunga kelib o‘ttiz kishidan oshdi. Ularga har oyda 2 million so‘m atrofida maosh berilmoqda. “AGROTEXNOLOGY” MCHJda rezina shlang va tomchilatib sug‘orish texnologiyasi uchun zarur ashyolar ishlab chiqarilmoqda. Hozirda esa polietilen quvur hamda filtrga buyurtma soni oshib bormoqda. Korxona rahbariyati agroklaster bilan kelishgan holda faoliyatni kengaytirish, yillik quvvatni 5 ming gektar ekin yeriga mos tomchilatib sug‘orish ashyolarini ishlab chiqarish ko‘rsatkichiga yetkazish harakatida.
O‘tgan yili sex bir muddat tanaffus bilan, mavsumiy ishlagan bo‘lsa, endilikda talab oshgani sabab, uning faoliyati barqaror tashkil qilinmoqda. Shu bois, o‘tgan yili bu yerda 250 ming AQSH dollari miqdoridagi xorijiy kredit liniyasi o‘zlashtirilgani hisobidan bir kunda 2 tonna atrofida sellofan, 1 ming metr uzunlikda rezina quvur, 2 tonna granulani qayta ishlash imkoniyati yaratilgan.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri