Suv ta’minoti sohasida Markaziy Osiyoda ilk o‘quv kitobi: nazariya va amaliyot birlashmoqda
Suv ta’minoti sohasida malakali kadrlar tayyorlash, ularga zamonaviy bilim va texnologiyalarni yetkazish, nazariy ta’limni ishlab chiqarish amaliyoti bilan uyg‘unlashtirish tarmoq rivojida muhim ahamiyat kasb etadi.
“O‘zsuvta’minot” AJda jamiyat, uning huzuridagi Ilmiy o‘quv markazi hamda Toshkent davlat transport universitetining “Muhandislik kommunikatsiyalari va tizimlari” kafedrasi professor-o‘qituvchilari hamkorligida tayyorlangan 7 ta o‘quv kitobi taqdimoti ana shu maqsadga qaratilgan muhim qadam bo‘ldi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, mazkur kitoblar orasida Markaziy Osiyoda suv ta’minoti sohasi bo‘yicha ilk o‘quv kitobi ham bor. Unda sohaning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha nazariy bilimlar bilan bir qatorda, mutaxassislar faoliyatida zarur bo‘ladigan amaliy ma’lumotlar jamlangan.
Yangi o‘quv kitoblarida gidravlika, suv ta’minoti, suvlarni tozalash, kanalizatsiya va oqova suvlarni tozalash yo‘nalishlari qamrab olingan. Suvning quvurlar va gidrotexnik inshootlarda harakati, suv sarfi va bosim ko‘rsatkichlarini aniqlash, quvurlarning gidravlik hisoblari, suv olish inshootlari, nasos stansiyalari hamda suv ta’minoti tizimlarining ishlash prinsiplari yoritilgan.
Shuningdek, suvni koagulyatsiya qilish, tindirish, filtrlash va zararsizlantirish, oqova suvlarni yig‘ish va tashish, kanalizatsiya tarmoqlaridan foydalanish, ularni mexanik va biologik usullarda tozalash kabi jarayonlarga oid ma’lumotlar ham kitoblardan o‘rin olgan.
Taqdimotda kitoblarda jamlangan nazariy bilimlarning amaliyotda qanday qo‘llanilishi yuzasidan mutaxassislar tomonidan tushuntirishlar berildi. Xususan, o‘quv materiallaridagi nazariy hisob-kitoblar va yondashuvlarning suv ta’minoti ob’ektlaridagi real jarayonlar bilan bog‘liq jihatlari misollar asosida ko‘rsatib berildi.
Toshkent arxitektura va qurilish universiteti professori Eshmurot Bo‘riyevning ta’kidlashicha, oliy ta’lim muassasalari va suv ta’minoti tashkilotlari o‘rtasidagi bunday hamkorlik kadrlar tayyorlashda muhim ahamiyatga ega.
– Bugun oliy ta’lim muassasalarini bitirayotgan talabalarning sohada ishlayotgani, ta’lim jarayonining ishlab chiqarish bilan bog‘lanayotgani quvonarli. Bunday hamkorlik talabaning nazariy bilimini amaliyot bilan mustahkamlashi, eng muhimi, soha uchun zarur kadrlarni tayyorlash imkonini beradi, – dedi E.Bo‘riyev.
“O‘zsuvta’minot” AJ rahbari A.Suvonqulovning ta’kidlashicha, suv ta’minoti tizimining samarali ishlashi zamonaviy texnologiyalar bilan bir qatorda, ularni amaliyotga tatbiq eta oladigan bilimli va malakali kadrlarga ham bevosita bog‘liq.
Shu bois Ilmiy o‘quv markazida xodimlar malakasini oshirish, o‘quv jarayonini amaliyot bilan yaqinlashtirish va soha uchun zarur bo‘lgan o‘quv adabiyotlarini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Markazda 2026-yilda suv ta’minoti va oqova suv xizmatlari sohasida faoliyat yuritayotgan 2 ming 380 nafar xodimning malakasini oshirish rejalashtirilgan. 1-oktabr holatiga ko‘ra, 1 ming 438 nafar xodim o‘quv kurslariga jalb etilgan. Ularning 948 nafari an’anaviy, 490 nafari masofaviy shaklda tahsil olgan.
Shuningdek, 46 nafar mutaxassis “Oqova suv inshootlari va tarmoqlaridan foydalanish” yo‘nalishida oqova suv texnologi mutaxassisligi bo‘yicha qayta tayyorlangan.
O‘quv jarayoniga Toshkent davlat transport universiteti, Toshkent arxitektura va qurilish universiteti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash milliy tadqiqot universiteti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti professor-o‘qituvchilari hamda sohaning malakali mutaxassislari jalb etilmoqda.
Amaliy mashg‘ulotlar esa hududiy suv ta’minoti korxonalarining ichimlik va oqova suvni tozalash, taqsimlash inshootlari, shuningdek, yangi qurilayotgan ob’ektlarda o‘tkazilmoqda. Bu tinglovchilarga olgan nazariy bilimlarini bevosita ishlab chiqarish jarayonida mustahkamlash imkonini bermoqda.
[gallery-31785]
Ta’lim muassasalari va “O‘zsuvta’minot” AJ o‘rtasidagi hamkorlikning yana bir muhim jihati yosh mutaxassislarni sohaga jalb etishdir. Universitet vakillarining ta’kidlashicha, bitiruvchilarning suv ta’minoti tizimida ishlayotgani, talabalarning o‘qish jarayonidayoq ishlab chiqarish muhiti bilan yaqin tanishishi uchun imkoniyat yaratilayotgani kadrlar tayyorlash samaradorligini oshirmoqda.
Bunday hamkorlik natijasida ta’limda olingan nazariy bilimlar amaliyot bilan uyg‘unlashib, soha uchun zarur mutaxassislarni tayyorlashning uzviy tizimi shakllanmoqda.
Zero, suv ta’minoti sohasini zamonaviy texnologiyalar asosida rivojlantirish nafaqat yangi inshoot va uskunalarni joriy etishni, balki ulardan samarali foydalana oladigan, nazariy bilimini amaliyotda qo‘llaydigan malakali kadrlarni tayyorlashni ham taqozo etadi.
Nilufar Bozorova, O‘zA