Suv resurslarini boshqarish – barqaror taraqqiyot garovi
22-mart – Butunjahon suv kuni
BMT Bosh Assambleyasining 1993-yilda qabul qilingan rezolyutsiyasiga asosan, har yili 22-mart sanasi dunyoda “Butunjahon suv kuni” sifatida keng nishonlanadi. Ushbu sana munosabati bilan o‘tkaziladigan tadbirlarda suv resurslarini asrash, ulardan oqilona va samarali foydalanish masalalariga keng jamoatchilik e’tiborini yanada kuchaytirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Insoniyat taraqqiyoti, qishloq xo‘jaligi, sanoat va ekotizim barqarorligi bevosita suv resurslariga bog‘liq. Ayniqsa, suv resurslarining asosiy qismi qishloq xo‘jaligida sarflanishi sohada suvdan foydalanish samaradorligini oshirishni strategik vazifaga aylantirmoqda. Bugungi kunda global iqlim o‘zgarishi, aholi sonining ortishi va iqtisodiyot tarmoqlarining kengayishi natijasida suvga bo‘lgan talab tobora ortib bormoqda. Shu bilan birga, tabiiy suv zaxiralarining kamayishi va ularning notekis taqsimlanishi jahon miqyosida suv tanqisligi xavfini yanada kuchaytirmoqda.
Keyingi yillarda mamlakatimizda ham suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha qator prezident va hukumat qarorlar qabul qilinayotgani mazkur sohani dolzarb ekanligini ko‘rsatadi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 5-martdagi “Sug‘orishda suv yo‘qotishlarini kamaytirish va suv tanqisligining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ham bu boradagi muhim hujjatlardan biri bo‘ldi.
Mazkur qaror sug‘orish tizimlarida suv yo‘qotishlarini kamaytirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan. Jumladan, qaror doirasida sug‘orish kanallarini betonlash ishlariga alohida e’tibor qaratilishi belgilangan.
Kanal va ariqlarni betonlash borasidagi ishlar Andijon viloyati misolida ko‘rilganida, joriy yilda markazlashgan kapital qurilish mablag‘lari hisobidan 7 ta ob’ektda 41,7 kilometr kanallarni betonlash rejalashtirilgan. Shuningdek, xorijiy moliya institutlari mablag‘lari hisobidan yana 6 ta ob’ektda 16,8 kilometr kanallar betonlanadi. Qo‘shimcha ravishda, mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 100 kilometr kanalni betonlash ishlari amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, qarorda agroklasterlar va fermer xo‘jaliklari tasarrufidagi ichki ariq va sug‘orish tarmoqlarini betonlash bo‘yicha ham vazifalar belgilangan. Umuman, joriy yil davomida viloyatda 2 ming kilometrdan ortiq ichki tarmoqlarni betonlash rejalashtirilgan.
Ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun jami 55 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan. Bu ishlar natijasida suvning filtratsiya orqali yo‘qolishi keskin kamayadi va 50 ming gektarga yaqin ekin maydonida suv ta’minoti yaxshilanadi.
Ma’lumki, yurtimizda yog‘ingarchilik asosan, qish va bahor fasllarida kuzatiladi. O‘rtacha ko‘p yillik yog‘in miqdori taxminan 240 millimetrni tashkil etadi. Biroq bu yog‘inlar ko‘p hollarda suvga ehtiyoj kam bo‘lgan davrga to‘g‘ri keladi. Vegetatsiya mavsumida esa suv tanqisligi kuzatiladi.
Shu sababli qish va bahor oylarida suv resurslarini to‘plash masalasi dolzarb ahamiyat kasb etadi. Xususan, suv yig‘uvchi hovuzlar tashkil etish orqali mavsumiy suvlarni saqlab qolish va ulardan samarali foydalanish imkoniyati yaratilmoqda. Bu borada Andijon viloyatining Paxtaobod va Buloqboshi tumanlarida amaliy ishlar boshlangan.
Umuman, kanallarni betonlash, suv yig‘uvchi hovuzlarni tashkil etish, zamonaviy sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish borasidagi ishlar suv resurslaridan samarali foydalanishga xizmat qiladi. Natijada suv yo‘qotishlar kamayib, ekin maydonlarining suv ta’minoti yaxshilanadi, qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligi yanada ortadi.
Shu bilan birga, suvdan foydalanish madaniyatini oshirish, aholi va fermerlarning suvdan oqilona foydalanish borasidagi mas’uliyatni kuchaytirish ham muhim vazifa bo‘lib qolmoqda. Suvni isrof qilmaslik, uni ifloslantirmaslik va har tomchisini qadrlash bugunning talabi.
Shuhratjon Ergashev,
Norin-Qoradaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari.
O‘zA.