Suv olish joylarida 265 ta holatda suvning hisobi yuritilmagan
2020 yilning oktyabr oyida «O‘zagroinspeksiya» va uning quyi tuzilmalari tomonidan joylarda belgilangan tartibda o‘tkazilgan o‘rganishlarda jami 5385 ta holatda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi:
Xususan, Suv xo‘jaligi tizim tashkilotlari hisobida bo‘lgan irrigatsiya tizimlarida 691 ta suv olish joylaridagi suvni boshqarish vositalari, 451 ta suv olish joylaridagi suv o‘lchash vositalari nosozligi, 265 ta suv olish joylarida suvning hisob-kitobi jurnallari yuritilmaganligi hamda 365 ta suv olish joylarida jurnallar xatoliklar bilan yuritilganligi, 14 ta holatda suvdan foydalanish bo‘yicha shartnomalar tuzilmaganligi aniqlandi.
Misol uchun, 2020-2021 yil kuzgi-qishki mavsumi uchun «To‘polang-Qoratog‘» hamda «Surxon-Sherobod» irrigatsiya tizimi boshqarmalari bilan Bandixon tuman irrigatsiya bo‘limi hamda Toshkent viloyati nasos stansiya va energetika boshqarmasi bilan Bo‘ka tuman irrigatsiya bo‘limlari o‘rtasida suvdan foydalanish bo‘yicha shartnomalar tuzilmagan va limit ajratilmagan.
Shu kabi, Piskent, Bo‘ka, O‘rtachirchiq, Yangiyo‘l, Bandixon, Shumanay, Asaka, Jarqo‘rg‘on, Sherobod, Termiz, Urganch, Bog‘ot va Qo‘shko‘pir tumanlar irrigatsiya bo‘limlari bilan suv iste’molchilari uyushmalari o‘rtasida shartnoma rasmiylashtirilmagan. Mavsum uchun suv limiti ajratilmagan.
Bundan tashqari, Suv iste’molchilari uyushmalari, fermer xo‘jaliklari va klasterlar tomonidan ishlatilayotgan sug‘orish tarmoqlaridagi 1176 ta suv olish joylari suvni boshqarish, 910 ta suv olish joylari suv o‘lchash vositalari bilan jihozlanmagan. 666 ta suv olish joylarida suvning hisob-kitobi yuritilmaganligi, 849 ta holatda suvdan foydalanuvchilar va suv iste’molchilari o‘rtasida suv iste’moli bo‘yicha shartnomalar tuzilmaganligi aniqlandi.
O‘rganishlarda aniqlangan kamchiliklar yuzasidan «O‘zagroinspeksiya»ning quyi tuzilmalari tomonidan vakolati doirasida huquqbuzarlarga nisbatan 757 ta (271,6 mln.so‘m) ma’muriy, 983 ta (895,1 mln.so‘m) jarima sanksiyalar qo‘llanildi. 536 ta holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar ko‘rib chiqishlik uchun ma’muriy sudlarga kiritilishi ta’minlandi.
O‘z navbatida, tegishli korxona, muassasa, tashkilot rahbariga ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etish sabablari va ularga olib kelgan shart-sharoitlarni bartaraf qilish yuzasidan choralar ko‘rish to‘g‘risida 636 ta yozma ko‘rsatma va taqdimnoma kiritildi.
Bundan tashqari, huquqbuzarlik sodir etilishini erta oldini olish maqsadida 3099 ta suvdan foydalanuvchilar va suv iste’molchilariga rasman ogohlantirishlar berildi.
bugungi kunda nazorat tadbirlari belgilangan tartibda o‘tkazilib kelinmoqda.
“O‘zagroinspeksiya" Matbuot xizmati