Suv muammosida ikki xil qarash (+video)
Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani Polmon qishlog‘i aholisining ichimlik suvi borasida qilgan murojaati yuzasidan aytilgan manzilda bo‘ldik.
Haqiqatdan qishloqning bosh ko‘chasi bo‘ylab ichimlik suvi quvurlari tortilgan. Belgilangan masofada suv chiqadigan jo‘mraklar o‘rnatilgan, ammo suv kelmaydi. Shu bois odamlar suvni qishloq boshidan o‘tgan kanaldan tashib ichishadi. Ayni kunlarda esa kanalda suv nihoyatda pasaygan.
Holat yuzasidan dastlab aholiga quloq tutdik.
– Kanallarimiz chuqur, suvni olib chiqish mashaqqatli, qish kunlari juda qiynalamiz, – deydi Madina O‘roqova. – Krandan suv chiqmaydi. Kanal suvi yaroqsiz bo‘lsada, bir kun oldin olib qo‘yib, tinitib ichamiz.
– 50 yildan buyon ahvol shu, – deydi Malohat Qurbonova. – Qiynalib kanaldan suv tashib ichamiz. Ilgari yosh edik, endi qarib qoldik. Farzandlar ham o‘z kuni bilan ovora. Shu bois biz kabi qariyalarga qiyin.
Odamlar bilan suhbatlasharkanmiz, qishloq boshidan o‘tgan ichimlik suvi quvuri ishlamasligini, toza bo‘lmasada kanal suvidan ichishga majbur ekanini bot-bot ta’kidlaydi.
[gallery-26574]
Bu borada “Polmon” MFY raisi Maqsud Uchqunovning ham fikrlarini tinglab ko‘rdik.
– Mahallamizga ichimlik suvi tarmog‘i o‘tkazilgan, ammo quvurlar aholi xonadonlaridan ancha uzoqda joylashgan, – deydi M.Uchqunov. – Hozirda tarmoq ishlamayapti. Mas’ul xodimlarga murojaat qilsak, qarzdorlik sababli suv berilishi to‘xtatilganini aytishadi. Avval aholi bilan shartnomalar tuzilgan, lekin suv o‘z vaqtida yetkazilmagani uchun to‘lovlar to‘xtab qolgan. Natijada tarmoq o‘chirib qo‘yilgan, aholi esa hozircha kanal suvidan foydalanishga majbur bo‘lyapti.
Ichimlik suvi tarmog‘i tortilgan, ammo suv kelmayapti. Nega? Aholi bu holatda aybni suv ta’minoti korxonasiga yuklamoqda. Mazkur muammoni o‘rganish uchun tashkilot mas’ullarini ham joyiga chaqirdik va vaziyat bilan tanishdik.
“Qashqadaryo suv ta’minoti” AJ Shahrisabz tuman filiali rahbari Azamat Do‘stmurodovning aytishicha, vaziyat yuzasidan tashkilotning izohi boshqachadir. Unga ko‘ra, Polmon mahallasi tarkibiga Pomon va Buzariq qishloqlari kiradi. Mazkur hududda 2019 yilda investitsiya dasturlari asosida 3,2 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i tortilgan, bir dona suv inshooti va bir dona artezian qudug‘i qurilgan.
– Aholiga bir necha bor ichimlik suvi yetkazib berilgan, – deydi mas’ul. – Ammo xonadonlar bilan shartnomalar rasmiylashtirilmagani bois suv ta’minoti to‘xtatilgan. Kuz va bahorda daryo suvi loyqalanganda fuqarolar murojaat qiladi, biz esa vaqtincha suvni ulab beramiz. Lekin tizimli tarzda suv berish uchun kamida 10-20 nafar fuqaro shartnoma tuzishi zarur. Shartnoma mavjud bo‘lmagani uchun qarzdorlik ham yuzaga kelmagan, chunki suv sinov tariqasida berilgan.
Do‘stmurodovning ta’kidlashicha, hududda daryo suvi nisbatan toza bo‘lgani uchun aholi asosan o‘sha manbadan foydalanadi.
– Ichimlik suviga to‘lov qilishni ko‘pchilik istamaydi. Ammo biz hozir ham taklifga ochiqmiz: fuqarolar shartnoma tuzsa, bugunning o‘zida suvni qo‘shishga tayyormiz. Tizimda ko‘cha kolonkalari, xonadon kolonkalari va grafik asosida belgilangan me’yorlar bo‘yicha tabaqalashtirilgan to‘lov tartibi joriy qilingan. Lekin aholi bu shartlarga rozi bo‘lmagan, – deydi u.
Mas’ulning qo‘shimcha qilishicha, Prezidentning tegishli qaroriga asosan Shahrisabz tumanida turizm loyihasi doirasida Miraki hududidan Qoradaryo suv manbasi orqali ming metr kub sutkalik inshoot qurilib, turizm hududlari xususan Miraki, Uloch, Polmon qishloqlarigacha ichimlik suvi tarmog‘i va kanalizatsiya tortilishi rejalashtirilgan. Shu bois Polmonga ham suv o‘tmagan ko‘chalarga suv hisoblagich qo‘yilgan holda tortilishi rejalashtirilgan. Bugungi kunda loyihalar tayyor, bir ikki yil ichida amalga oshiriladi.
Mas’ulning bu izohi bizni hayron qoldirdi. Demak tarmoq ishlaydi, suv ham bor, faqat aholi qonuniy shartnoma tuzib, pulini to‘lab suv olgisi kelmaydi. Avvaliga bunga ishonmadik. Sinov tariqasida suvni qo‘shtirib ko‘rdik va qishloqqa qaytdik. Qaytganimizda esa hamma jo‘mraklardan suv oqib turganini guvohi bo‘ldik. Vaziyatni bu qadar chuqurroq o‘rganishimizni kutmagan shekilli qishloq aholisi bir pastda tarqalib ketdi, mahalla raisi ham.
Rost, tog‘li hududlar aholisi azal-azaldan buloq va chashmalarning suvlarini iste’mol qilib kelishgan. Balki shu bois ayrim fuqarolar ichimlik suvi uchun to‘lov qilishni ortiqcha deb hisoblar. Biroq tarmoq orqali yetkazib berilayotgan har bir tomchi suv quvvatli nasoslarning ishi, ular uchun sarflanadigan elektr energiyasi va xizmat ko‘rsatish xarajatlari evaziga kelayotganini ham unutmaslik lozim.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/tyqZb4UIHh8" title="Suv muammosida ikki xil qarash" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari