Surxondaryoning turizm imkoniyati oshiriladi
Prezident tashrifidan so‘ng...
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 16-17 noyabr kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida vohaning turizm salohiyati yuqoriligi alohida qayd etilib, hududlarda 600 dan ziyod madaniy meros va turizm manzili borligi, ayni paytda Sho‘rchi tumanidagi “Dalvarzintepa” yodgorligida ochiq osmon muzeyini tashkil etish yuzasidan ishlar boshlangani ta’kidlangan edi.
–Surxondaryo boy o‘tmishimizdan so‘zlaydigan qadimiy voha, –deydi viloyat hokimi o‘rinbosari, viloyat turizm boshqarmasi boshlig‘i Jo‘rabek To‘rayev.– Hududdagi mavjud turistik imkoniyatdan oqilona foydalansak, soha rivojlanib, viloyatga dunyo sayyohlari oqimi yanada ko‘payadi. Davlatimiz rahbari sohada olib borilayotgan ishlarni davom ettirib, Boysundagi “Boybuloq”, “Teshiktosh” va “Machay” g‘orlari, Uzundara qal’asini ham muzeylarga aylantirish fikrini ilgari surganida chuqur ma’no mujassam. Zero, “Boybuloq” jahondagi eng uzun g‘orlardan biri ekani aniqlangan. 9 yoshdagi neondartal bolaning tanasi va suyak qoldiqlari topilgan “Teshiktosh”, miloddan avvalgi 12-6 ming yilliklarga oid ibtidoiy odamlar manzilrohi bo‘lgan Machay g‘orlari sayyoramizga tanilgan. Ustki qatlami mezolit, tepa qatlami so‘nggi mezolit va ilk neolit davriga doir g‘ordan olimlar mezolit davriga oid erkak va ayol kishining tana suyaklarini topgan. Shuningdek, g‘orda tosh davri odamlarining turmush tarzini aks ettiruvchi ashyoviy dalillar mavjudligi ham fan olami uchun katta yangilik sanaladi.

O‘zbekiston hududidagi ilk ellinizm va ilk Yunon-Baqtriya davriga oid yagona muhim yodgorlik sifatida ko‘riladigan Uzundara Iskandar Zulqarnayn davrida qurilgan Baqtriya chegara qal’asidir. Maftunkor tabiat qo‘ynidagi bu joylarni ochiq osmon ostidagi muzeyga aylantirish boy o‘tmishimizni jahonga keng tarannum etishda muhim o‘rin tutadi.
Mazkur vazifalar ijrosi doirasida Boysun tumanida zarur chora-tadbirlar belgilanib, dastlabki ishlar boshlab yuborildi. Tog‘li tumanda yuqori hududlarni yanada obod manzilga aylantirib, sayyohlar oqimini ko‘paytirish uchun qurilish-obodonlashtirish va ta’mirlash ishlariga kirishildi. Shu kunlarda tuman yo‘llardan foydalanish korxonasi bunyodkorlari “Xo‘jamayxona bulog‘i" va “Machay” g‘orlariga olib boruvchi asosiy avtomobil yo‘liga asfalt yotqizayotir, soylarda sel va suv toshqinlari xavfining oldini olish uchun o‘zanlarni mustahkamlamoqda.
Tashrif chog‘ida belgilab berilgan Sheroboddagi “Xatak” g‘ori va Zarautsoy qoyatoshiga xorijiy olimlar ekspeditsiyasini jalb etish, Sangardak kabi yana 10 ta mahallani turizm qishlog‘iga aylantirish, “Omonxona” sanatoriyasini ta’mirlab, quvvatini kengaytirish, yana bitta yangi sanatoriya qurish, Boysun, Oltinsoy, Sariosiyo va Sherobodda dor yo‘li, mehmonxona va savdo xizmatlarini tashkil etish uchun 200 million dollarlik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ham tegishli chora–tadbirlar tuzilmoqda. Bu borada amalga oshirilayotgan barcha ishlar qadimiy viloyatning turistik imkoniyatini yanada oshirib, xorijlik va mahalliy sayyohlarning eng sevimli maskanlaridan biriga aylantirishga xizmat qiladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri