Surxondaryolik sportchilar sharaflandi
Surxondaryo viloyati hokimligida joriy yilning o‘tgan davrida sportning boks turi bo‘yicha yuqori natijalarga erishgan bir guruh yosh sportchilarni taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, xalq deputatlari mahalliy kengashlar deputatlari, nuroniylar, sportchilarning ota onalari ishtirok etgan tadbirda so‘nggi yillarda mamlakatimizda sportni rivojlantirish va uning ommaviyligini ta’minlashga qaratilayotgan yuksak e’tibor yosh avlodning jismonan sog‘lom kamolga yetishi va nufuzli xalqaro bellashuvlarda Vatanimiz dovrug‘ini sayyoramizga keng tarannum etishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

Ayni paytda viloyat sportchilari jahonda o‘tkazilayotgan musobaqalarda faol ishtirok etish barobarida Fransiyaning Parij shahrida 2024 yil bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiada o‘yinlariga ham puxta tayyorgarlik ko‘rayotgani qayd etildi.
Tadbirda viloyat hokimi To‘ra Bobolov boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasida uch karra O‘zbekiston chempioni, shu yil 28 fevral - 16 mart kunlari Iordaniyada yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritgan sho‘rchilik Muxlisa Tohirova hamda mazkur bellashuvda faxrli birinchi o‘rinni egallab, oltin medalga sazovor bo‘lgan termiz tumanilik Osiyo chempioni Xo‘janazar Nortojiyevning onasi Fotima Tog‘aymurodovaga qimmatbaho sovg‘alarni tantanali topshirdi.

Shuningdek, joriy yil 20-30 yanvar kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan 22-Osiyo chempionatining oltin medal sovrindori, Osiyo chempioni, boks bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi, termiz shahrilik Dilshod Abdumuradovning onasi Xurshida Mustafoyeva va ushbu musobaqaning bronza medali sohibasi, yoshlar o‘rtasida ikki karra O‘zbekiston chempioni, 2021 yil Polshada yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan Jahon chempionati bronza medali sovrindori Dilfuza Bekovaning onasi Kibriyo Norovalar ham viloyat rahbaridan qimmatbaho sovg‘alarni qabul qilib oldi.
Tantanali tadbirda so‘zga chiqqan senator Orziqul Soatov va boshqalar sportning sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini mustahkamlash va mamlakatimiz dovrug‘ini jahonga keng tanitishdagi ahamiyati haqida gapirib, Vatanimiz sha’nini dunyo maydonida sharaf bilan himoya qilayotgan yosh sportchilar va ularning ota-onalari, ustozlariga chuqur minnatdorlik bildirdi. Ularning nufuzli xalqaro bellashuvlarda yanada yuksak marralarni egallashiga zafar tiladi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA