Surxondaryoda “Turon yo‘lbarslari” saralandi
Termizda ilk marta “Turon yo‘lbarslari” harbiy-sport musobaqasining Surxondaryo viloyat bosqichi o‘tkazildi.
Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning ongiga milliy qadriyatlarni chuqur singdirish, amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik tuyg‘usini kuchaytirish hamda harbiylik kasbiga qiziqishini yanada oshirishga qaratilgan bellashuv Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Prezident, ijod, sport, ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarning “Vatan tayanchi” otryadi a’zolari o‘rtasida bo‘lib o‘tdi.


Musobaqa qatnashchilari safda yurish va saf elementlarini bajarish, saf qo‘shig‘ini ijro etish, “AK-74” o‘quv qurolini qismlarga ajratish va yig‘ish, “Mohir mergan”, kamondan o‘q otish, 20 metr masofaga arqondan o‘tish, umumqo‘shin himoya vositalarini kiyish, turnikda tortilish, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish kabi shartlarda jismoniy imkoniyatlarini, “Temur tuzuklari bilimdoni” bellashuvida ma’naviy-ma’rifiy bilimini sinovdan o‘tkazdi.

Qizg‘in bahslarga boy bo‘lgan bellashuvda Termiz shahridagi 1-ixtisoslashtirilgan maktab-internatning “Elparvar” jamoasi faxrli birinchi, Termiz shahar Prezident maktabining “Desantchilar” jamoasi ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Uchinchi o‘rin Denov tumanidagi 2-ixtisoslashtirilgan maktab-internatining “Denov yo‘lbarslari” jamoasiga nasib etdi.


Musobaqa g‘oliblari diplom, kubok, medal va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri