Surxondaryoda saylovga puxta hozirlik ko‘rilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 9 -Surxondaryo okrug saylov komissiyasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari xodimlariga mamlakatimiz hayotidagi muhim siyosiy kampaniyani ochiq, oshkora o‘tkazish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar va galdagi vazifalar haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Ta’kidlandiki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 9-Surxondaryo okrug saylov komissiyasi o‘zining kalendar rejasi asosida O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksiga muvofiq faoliyat yuritmoqda. Saylovni yuqori saviyada o‘tkazish yuzasidan davra suhbati, seminar va boshqa tadbirlar tashkil etib, aholi va yoshlarga saylov qonunchiligi tushuntirilmoqda. Milliy qonunchiligimizda belgilab qo‘yilganidek, viloyatda saylov uchastkalari tuman va shahar hokimlarining taqdimnomasiga ko‘ra, okrug saylov komissiyasi tomonidan tuzildi. Bunda saylovchilarga imkon qadar qulaylik yaratish uchun saylov uchastkalari tegishli hududlarning chegaralari e’tiborga olingan holda tashkil etildi.

– Saylov uchastkalari saylovga kamida oltmish kun qolganida tuzilib, saylovchilar soni kamida 20 nafar va ko‘pi bilan 3 ming nafardan oshmagan bo‘lishi kerak, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 9-Surxondaryo okrug saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Ch. Qurbonov. – Qonunchiligimizdagi ana shu tamoyil e’tiborga olingan holda okrug hududida 860 ta saylov uchastkasi tuzilib, joylashuvi va manzili matbuotda e’lon qilindi. Ularining 668 tasi maktablarda, 65 tasi kollej, texnikum, kasb-hunar maktabi va oliy ta’lim muassasalarida, 15 tasi mahalla fuqarolar yig‘ini, 19 tasi tibbiyot muassasalari, 10 tasi davlat xizmatlari agentligi, 22 tasi madaniyat va sport markazlarida, 15 tasi harbiy qismlarda tuzildi. Qolgan saylov uchastkalari boshqa zamonaviy binolarda faoliyat yuritadi.
Navbatdagi muhim vazifalardan biri – saylovga 40 kun qolguncha uchastka saylov komissiyasi tarkibi shakllantirilishi kerak. Saylov kodeksiga ko‘ra, uchastka saylov komissiyasi a’zoligiga nomzodlar o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxona, tashkilot va muassasalar tomonidan taklif etilib, ular xalq deputatlari tuman, shahar kengashlari majlislarida muhokama qilinib, tasdiqlash uchun okrug saylov komissiyasiga tavsiya etiladi. Uchastka saylov komissiyasi a’zolari tasdiqlangach, ularning muhim siyosiy jarayonni ochiq, oshkora o‘tkazishiga ko‘maklashamiz.
Matbuot anjumanida shuningdek, uchastka saylov komissiyasi tarkibini ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish, saylovga tayyorgarlik jarayonlarini tezkor, sifatli yoritish, ommaviy axborot vositalari vakillarini akkredatsiyadan o‘tkazish tartiblari haqida ham fikr almashildi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA